Sun’iy intellekt hududlardagi muammolarga yechim topa oladimi?
Sun’iy intellekt hududlarni boshqarishda qanday yangi imkoniyatlar ochadi? Undan samarali foydalanish uchun rahbarlar va mas’ul mutaxassislar nimani bilishi kerak?
Ayni shu savollarga amaliy javob topishga qaratilgan uch kunlik o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, shuningdek, Toshkent shahri va viloyat hokimlarining raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etmoqda.

Seminarning ikkinchi kunida ishtirokchilarning sun’iy intellekt sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Asosiy e’tibor sun’iy intellekt imkoniyatlaridan boshqaruv jarayonlarida samarali foydalanish, raqamli yechimlarni hududlarga tatbiq etish va bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish masalalariga qaratildi.

O‘quv-seminar doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Unda hududlarda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, shuningdek, maslahatchilarning bu yo‘nalishdagi vazifalarini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarning yana bir amaliy qismi «Unicon-Soft» kompaniyasiga tashrif bilan davom etdi. Ishtirokchilar kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, zamonaviy raqamli yechimlar va ularning amaliyotdagi qo‘llanilishi bilan yaqindan tanishdilar.
Uch kunlik seminarning asosiy maqsadi hududlarda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha mas’ul mutaxassislarning salohiyatini oshirish, ularga amaliy bilim va ko‘nikmalar berish hamda zamonaviy texnologiyalarni boshqaruv jarayonlariga kengroq joriy etish uchun zarur yondashuvlarni shakllantirishdan iborat.
Nigora Rahmonova, O‘zA