“Sulton Tex Group” korxonasi barqaror o‘sishni namoyish etmoqda
Bugungi kunda O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati jadal rivojlanayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Zamonaviy texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish usullari hamda xalqaro hamkorlikning kengayishi mamlakat iqtisodiyotida ushbu tarmoqning ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Ana shunday muhim jarayonlarning amaliy ifodasi sifatida poytaxtimizda “TextileExpo Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi.

“Sulton Tex Group” kompaniyasi xodimi Behzod Orzumurodov O‘zA muxbiriga bu haqda ma’lumot berdi:
– Mazkur ko‘rgazma to‘qimachilik sanoatidagi ilg‘or tajribalarni namoyish qilish, eksport salohiyatini oshirish hamda yangi biznes aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Korxonamiz O‘zbekiston tekstil sanoatida tez rivojlanayotgan yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. U zamonaviy texnologiyalar, eksport salohiyati hamda sifatli mahsulotlari bilan xalqaro bozorda ham o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
10 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritayotgan korxonada paxta yetishtirishdan boshlab ip-kalava, mato va tayyor kiyim ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar to‘liq amalga oshiriladi. Bu esa mahsulot sifati va ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘z imkoniyatlarimizni namoyish etishda yaqindan ko‘mak bergan “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Negaki, bugun biz mahalliy va xorijiy kompaniyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Umuman olganda, “TextileExpo Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi mamlakat to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mahalliy kompaniyalarni dunyo bozoriga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Baxtibek Mamasodiqov,
O‘zA