Sug‘urta bozori takomillashmoqda
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sohadagi o‘zgarishlar, xususan, “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatida mijozlar bilan ishlash va interfaol xizmatlar darajasini oshirishda CRM tizimini joriy qilish to‘g‘risida so‘z bordi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sug‘urta faoliyati va nazoratining huquqiy bazasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, sug‘urta xizmatlari bozor iqtisodiyoti sharoitida korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlarini himoya etuvchi samarali mexanizmdir. Sohada tatbiq etilayotgan yangilik va o‘zgarishlar buning yorqin misolidir.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sohadagi o‘zgarishlar, xususan, “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatida mijozlar bilan ishlash va interfaol xizmatlar darajasini oshirishda CRM tizimini joriy qilish to‘g‘risida so‘z bordi.
“O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari I.Nurmuhamedov va boshqalar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari salohiyati o‘zaro muomala qilish va axborot ayirboshlashning prinsipial jihatdan yangi imkoniyatlarini ochishi, bu iqtisodiy islohotlar va mamlakatning demokratik rivojlanishi jarayonlarini jadallashtirish imkonini berishini ta’kidladi.
Kompaniya elektron ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2007-yildan boshlab VPN tizimini avval direksiyalararo, so‘ngra hududiy bo‘linmalar va direksiyalar o‘rtasida joriy etdi. Barcha yumushlar korporativ tarmoqlar orqali amalga oshirila boshlandi. Bu, o‘z navbatida, bir qator qulayliklarni yuzaga keltirdi. Sug‘urta shartnomalari elektron bazasini markazlashtirish, elektron xatlar tizimi onlayn tarzda ishlashi, shartnomalar hisobotini ko‘rish va elektron pochta tizimidan samarali foydalanish shular sirasidandir.
2010-yildan buyon kompaniya “O‘zbektelekom” milliy provayderi bilan hamkorlik qilmoqda. Zamonaviy kommunikatsiya tizimlaridan unumli foydalanish va ish samaradorligini oshirish maqsadida o‘tgan yili kompaniya boshqaruvi va direksiyalarining o‘tkazuvchanlik kanallari quvvati va internet tarmog‘i tezligi oshirildi. Soliq, statistika, pensiya jamg‘armasi va boshqa hisobotlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyati yaratildi.
“O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi moddiy-texnik bazasini yangilash maqsadida zamonaviy komputerlar bilan to‘liq ta’minlanib, yangi server qurilmalari xarid qilindi. Hozir elektron hujjat almashinuvi bo‘yicha “PEGAS” elektron dasturiy ta’minotidan samarali foydalanilmoqda. Bu tizimda elektron hujjat almashish darajasini kengaytirmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 3-apreldagi “Iqtisodiyotning real sektorlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash, mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida dunyoning yetakchi dasturlovchi kompaniyalaridan biri – TERRASOFT kompaniyasining CRM, BPMONLINE platformasiga o‘tish boshlandi.
– Bu tizim yordamida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va tezligi oshadi, – deydi kompaniya matbuot xizmati rahbari Dilobar Muhammadjonova. – Bundan tashqari u soliq, statistika kabi idoralararo elektron aloqalarni yanada takomillashtirishda qo‘l keladi. Yil oxirida ushbu tizim to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Ayni paytda bu tizimning yana bir xizmat turi – VOIP loyihasini ishga tushirish bo‘yicha yetakchi tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Tadbirda sug‘urta bozori infrasturukturasini rivojlantirish istiqbollari, professional ishtirokchilar faoliyatini nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish mavzusida fikr-mulohazalar bildirildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.