Sudyalarning intellektual mulkka oid bilimi oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bilan hamkorlikda “Intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy himoyasi” mavzuida sudyalar uchun ikki kunlik onlayn subregional kollokvium o‘tkazildi.
Intellektual mulk sohasida yuzaga keladigan huquqbuzarliklarga doir sud ishlarini xolis va adolatli ko‘rib chiqish bo‘yicha xorij hamda mintaqadagi davlatlarning amaliyotini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan muloqotda Latviya, Angliya va Uels Birlashgan qirolligi Oliy sudi sud’yalari, Germaniyaning Gumbold universiteti advokati, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston Oliy sudi sudyalari va Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tinglovchilari qatnashdi.
Tadbirda xorijning malakali sud’yalari hamda mutaxassislari intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarlikni to‘g‘ri baholash, adolatli qaror qabul qilish, intellektual mulk sohasidagi milliy va xalqaro amaliyot bilan yaqindan tanishish, intellektual mulk sub’ektlari huquqlarini qonuniy ta’minlash, huquqbuzarliklar uchun ta’sir choralarini qo‘llash, bahsli jarayonlarda xolis va adolatli qaror qabul qilish yuzasidan fikr almashishdi.

– bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan huquqlari muhofazasini ta’minlash dolzarb hisoblanadi, –dedi Intellektual mulk agentligi axborot xizmati rahbari Feruz Jo‘rayev.– Sababi, bozor iqtisodiyoti sharoitida talab va taklifning oshishi nohalol raqobatni keltirib chiqaradi. Bu holatda huquqbuzarning bozorda o‘z o‘rniga ega tadbirkor tovar belgisidan noqonuniy foydalanib, kontrafakt mahsulot ishlab chiqarishi iste’molchilarni chalg‘itishga sabab bo‘ladi. Albatta, intellekt mulk ob’ektlari huquqiy muhofazasini, asl tadbirkor manfaatlarini ta’minlash hamda iste’molchilarni chalg‘ituvchi, nohalol raqobatni keltirib chiqaruvchi huquqbuzarlarga qonuniy chora ko‘rish muhim hisoblanadi. Shunga ko‘ra, mazkur onlayn tadbirdan yurtimizdagi sudyalarning intellektual mulk sohasidagi nizolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsad qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA