Suddagi axborot: kotib ovozidan elektron tablogacha
Bugungi kun sud amaliyoti sud binosida fuqarolar va protsess ishtirokchilariga sud majlislari haqida axborot berishni inson omiliga, xususan, sud kotibining yo‘lakda (koridorda) taraflarni chaqirishi bilan bog‘liq holatdan raqamli va standartlashtirilgan axborot muhitiga o‘tkazish vaqti kelganini ko‘rsatmoqda.
Sudga kelgan tarafni sud kotibining yo‘lakda (koridorda) ovoz chiqarib qidirishi bu – sud xizmatini tashkil etishning eng qulay va zamonaviy usuli emas. Dunyo amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, sud binosida axborot yetkazishda inson omilidan ko‘ra, uni standartlashtirilgan elektron sud jadvali, axborot tablosi, raqamli navigatsiya va zarur hollarda ovozli xabar berish orqali yetkazish samaraliroqdir. Bunday tizim kotibni “tirik tablo” vazifasidan ozod qilib, uning asosiy protsessual va tashkiliy vazifalariga e’tibor qaratish imkonini oshiradi.
Bunday amaliyot Yangi Zelandiya, AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya va Turkiya davlatlari tajribasida kuzatiladi. Ayni tajribani qiyosiy o‘rgangan holda O‘zbekistonda sud amaliyotiga MySudUz raqamli xizmatlari bilan integratsiya qilingan “elektron tablo” modeli taklif etiladi. Natijada shaxsiy ma’lumotlar himoya qilingan holda axborot ochiqligi ta’minlanadi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun axborotdan foydalanish imkoniyati kengayadi, ish holati tezkor yangilanadi va sud kotibining funksional yuklamasi maqbullashadi.
Sudga kelgan fuqaro uchun birinchi navbatda hal qilinishi kerak bo‘lgan masala, ya’ni uning ishi qaysi vaqtda, qaysi zalda ko‘rilishi va majlis holati qanday ekanini tez va tushunarli tarzda bilishidir.
Agar sud binosida axborot olishning asosiy usuli kotibning taraflarni yo‘lakda (koridorda) chaqirishi bo‘lsa, tizim xodimga bog‘liq bo‘lib qoladi. Bu esa xodim tashkiliy yuklamasini oshirgan holda axborotning o‘z vaqtida yetkazilmasligiga, fuqaroning vaqt yo‘qotishiga hamda sud binosida navigatsiyaning noqulayligiga olib kelishi mumkin.
Zamonaviy sud xizmatining muhim belgilaridan biri — fuqaroning oddiy tashkiliy savollarga xodimni izlamasdan javob topa olishidir. Buning uchun sud binosidagi axborot muhiti sud majlislari jadvali, elektron displeylar, raqamli navigatsiya va zarur hollarda ovozli xabardor qilish vositalari bilan uyg‘unlashtirilishi lozim. Bu yondashuv sud kotibining vazifasini qisqartirish emas, balki uning vaqti va professional resursi protsessual vazifalarga yo‘naltirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Sud binosida axborot berishning samarali modelida fuqaro axborotni uch bosqichda qabul qilishi mumkin: birinchidan, bino kirish qismidagi umumiy elektron tablo orqali; ikkinchidan, qavat va zallar bo‘yicha navigatsion displey orqali; uchinchidan, muayyan sud zali oldidagi kichik displey yoki ovozli xabar orqali. Bunda barcha kanallar bir xil ma’lumot manbasidan ishlashi muhim.
Bugun biz xorijiy davlatlar sud amaliyotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirmasdan, uning umumiy tashkiliy prinsiplarni o‘rganishimiz muhim. Ulardan eng asosiysi – sud jadvali va ish holati haqidagi ma’lumotni fuqaroga aniq, ko‘rinadigan va tez yangilanadigan shaklda yetkazish.
Masalan, Yangi Zelandiya Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘plab sudlarda sud ishlarining kunlik ro‘yxatlari “kutish hududlari”da joylashtiriladi, ish hajmi yuqori bo‘lgan sudlarda esa jadvallar elektron tablolarda ham e’lon qilinadi. Sud elektron tablolarida majlis vaqti, joyi, ish raqami, taraflar va ish turi kabi ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.
AQSH sud amaliyotida ham sud majlislari jadvallarini elektron shaklda taqdim etish keng qo‘llanadi. Ayrim sudlarning rasmiy jadvallari majlislarning vaqti va joyini jamoatga taqdim etadi, sud zallarida esa elektron va multimedia texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari mavjud.
Xitoy Oliy Xalq Sudi tomonidan tasdiqlangan sud zali qoidalarida sudlar sud zallarining raqami, aniq joylashuvi va tomoshabinlar o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni rasmiy veb-sayt, elektron axborot panellari orqali jamoatga yetkazishi belgilangan. Bu shunchaki texnik jihoz emas, balki sud majlisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida aks yettiruvchi ommaviy kanali sifatida qarash mumkinligini ko‘rsatadi.
Janubiy Koreya Oliy Sudi elektron sudlov va elektron sud zallarini tizimli ravishda rivojlantirgan. Rasmiy ma’lumotlarda elektron sud zallari katta elektron axborot panellar (displeylar), raqamli vizual vositalar va sud materiallarini tezkor namoyish etish imkoniyatlari bilan jihozlangani qayd etilgan. Demak, raqamlashtirish faqat hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish bilan cheklanmasdan, protsess ishtirokchilari uchun sud binosida yaratilgan imkoniyatlarni ham qamrab olishi kerak.
Turkiyaning UYAP tizimi (milliy sud informatika tizimi) esa fuqarolarga sud ishlari va majlis kunlari haqida elektron tarzda ma’lumot olish imkonini beradi.
O‘zbekistonda ham Oliy sudining MySudUz interaktiv xizmatlar portalida «Sud majlislari jadvali» xizmati mavjud bo‘lib, u sudlar tomonidan tayinlangan majlislarning sanasi va vaqti haqida axborot olish imkonini beradi. Shuningdek, portal «Mening suddagi ishim», «Onlayn kuzatuv», «Sud xabarnomasi» va videokonferensaloqa kabi xizmatlarni ham qamrab olgan.
Shu sababli sud binosidagi elektron tabloni alohida, mustaqil axborot tizimi sifatida emas, balki mavjud raqamli sud xizmatlarining fuqaroga ko‘rinadigan jismoniy interfeysi sifatida loyihalash maqsadga muvofiq. Bunda birlamchi ma’lumot manbasi yagona bo‘ladi, tablo, veb-portal va mobil xizmatlar esa shu ma’lumotning turli kanallardagi ko‘rinishiga aylanadi.
Shuni hisobga olgan holda, sud binosidagi “elektron tablo”da quyidagi ma’lumotlarni aks ettirish maqsadga muvofiq:
ish raqami yoki shaxsni xavfsiz aniqlash vositasi (identifikator);
majlis vaqti;
sud zali raqami;
ishning umumiy toifasi;
majlis holati: «kutilayapti», «boshlandi», «kechiktirildi», «yakunlandi», «boshqa zalga ko‘chirildi»;
zarur hollarda zal o‘zgarishi yoki kechikish haqida qisqa xabar;
ochiq sud ishlarida qonunchilik talablari doirasida taraflarning qisqartirilgan nomi.
Elektron tablo ochiqlikni oshirish vositasi bo‘lishi bilan birga, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish talablarini buzmasligi kerak. Ayniqsa oilaviy nizolar, voyaga yetmaganlar, shaxsiy hayotga oid holatlar yoki qonunga muvofiq yopiq ko‘riladigan ishlar bo‘yicha to‘liq F.I.O.ni ommaviy ekranga chiqarish maqsadga muvofiq emas. Bunday holatlarda ish raqami yoki avtomatik shaklda yaratilgan qisqa identifikatordan foydalanish mumkin.
Elektron tablo joriy etilishi sud kotibining mehnat funksiyasini bekor qilmaydi. Aksincha, uning axborotni qayta-qayta og‘zaki yetkazishga sarflanadigan vaqti qisqaradi va protsessual hujjatlar bilan ishlash, sud majlisini tashkiliy ta’minlash, ma’lumotlarni tizimga kiritish hamda sudyaning tashkiliy ko‘rsatmalarini bajarish kabi vazifalarga ko‘proq e’tibor qaratish imkoni paydo bo‘ladi.
O‘z navbatida, “Elektron tablo” uchun quyidagi texnik algoritmlar taklif etiladi:
sud majlisiga oid holat vakolatli xodim tomonidan sudning axborot tizimida belgilanadi;
ma’lumot markaziy axborot bazasida yangilanadi;
sud binosidagi asosiy tablo tegishli majlisni vaqt, zal va holati bo‘yicha ko‘rsatadi;
majlis kechiksa yoki boshqa zalga ko‘chirilsa, o‘zgarish avtomatik ravishda tabloda aks etadi;
zarur hollarda ovozli xabar ish raqami, zal va umumiy holat bilan cheklanadi;
yopiq yoki cheklangan axborotga ega ishlar uchun shaxsiy ma’lumotlarni ekranga chiqarish avtomatik ravishda cheklanadi;
tablo, veb-portal va mobil xizmatlar yagona ma’lumot manbasidan foydalanadi.
Bunday tizim fuqaroning sudda mustaqil harakatlanishi va yo‘nalishni aniqlash imkoniyatini oshiradi, sud kotibining ortiqcha tashkiliy yuklamasini kamaytiradi, majlis kechikishi yoki zal o‘zgarishi haqidagi axborot tezroq yetkaziladi, sud xizmatlarining shaffofligi va foydalanuvchiga yo‘naltirilganligi oshadi, nogironligi bo‘lgan shaxslar, eshitishda qiyinchiligi bor fuqarolar va sud binosiga birinchi marta kelgan shaxslar uchun qulaylik yaratiladi, yangi sud binolarida raqamli infratuzilma bir xil standart asosida shakllanadi.
Sud xizmatlarini raqamlashtirishning keyingi bosqichi faqat elektron hujjat aylanmasi yoki onlayn murojaatlar bilan cheklanmasligi kerak. Sud binosining o‘zi ham fuqaroga axborot beruvchi, navigatsiyani ta’minlovchi va protsessual jarayonni tushunishni osonlashtiruvchi raqamli muhitga aylanishi zarur.
Tahlil qilingan xorijiy tajriba O‘zbekiston uchun tayyor modelni ko‘chirish zarurligini emas, balki quyidagi uchta umumiy prinsipni qo‘llash mumkinligini ko‘rsatadi. Bular: axborotning standartlashtirilishi, ma’lumotning o‘z vaqtida yangilanishi va uning foydalanuvchi uchun tushunarli shaklda taqdim etilishidir. Bu esa, O‘zbekistonda MySudUz orqali sud majlislari jadvali va boshqa raqamli xizmatlar mavjudligi elektron tabloni ushbu infratuzilma bilan integratsiya qilish uchun amaliy asos yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, yangi sud binolarini qurish va mavjud sud binolarini rekonstruksiya qilish loyihalarida elektron sud axborot tablolari, raqamli navigatsiya va ovozli xabardor qilish tizimlarini alohida injenerlik-informatsion infratuzilma sifatida nazarda tutish maqsadga muvofiq. Bu talab faqat “tablo o‘rnatish” bilan cheklanmasdan, uni UYAP (milliy sud informatika tizimi) bilan integratsiya qilish, shaxsiy ma’lumotlarni avtomatik himoyalash, ish holatini real vaqtga moslash va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun axborotning alternativ kanallarini ta’minlash kabi holatlarni ham qamrab olishi lozim.
Bir so‘z bilan aytganda, sudni zamonaviy qiladigan narsa faqat binoning tashqi ko‘rinishi emas. Sudga kelgan inson “Qaysi zalga kirishim kerak?”, “Ishim boshlandimi?”, “Nima sababdan kechikyapti?” degan oddiy savollarga xodimni izlab yurmasdan javob topa oladigan muhit yaratilishi kerak. Sud kotibi esa taraflarni qidirib yuradigan “tirik tablo” emas, balki o‘zining protsessual va tashkiliy vazifalarini sifatli bajaradigan sud xodimi bo‘lishi lozim.
O‘tkirbek DAVLETOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti
Fuqaroviy-huquqiy fanlar kafedrasi
boshlig‘ining o‘rinbosari.