Sud pristavlari MIB faoliyati bilan tanishmoqda
Rossiya Federatsiyasi Sud pristavlari federal xizmati (SPFX) direktori D.Aristov boshchiligidagi delegatsiya ko‘hna va boqiy Buxoroda bo‘ldi.
Tashrifdan maqsad joriy yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasi Sochi shahrida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan Sud pristavlari federal hizmati (Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida 2024-2025 yillar uchun hamkorlik dasturi”ga binoan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va SPFX o‘rtasida ikki tomonlama yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikki davlatning majburiy ijro xizmatlari o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishdir.
Delegatsiya a’zolari MIBning Buxoro viloyati boshqarmasi hamda Buxoro shahar bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlar ijro etish sohasidagi yangiliklar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashdi.
[gallery-20363]
Delegatsiya vakillarida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish, yuborish va taqdim etish tartibi joriy etilganligi hamda yaratilayotgan boshqa yangiliklarni realizatsiya qilish borasida olib borilayotgan ishlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Rossiya Federatsiyasi a’zolari tomonidan O‘zbekistonda oxirgi yillarda majburiy ijro sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishilayotgan natijalar yuksak baholandi. Shuningdek, idoralar o‘rtasida hamkorlik o‘zaro amaliy xususiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Hamkorlik dasturi doirasida kelgusida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash choralari muhokama qilindi.
Mehmonlar Buxoro shahrining tarixiy obidalarini ziyorat qildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari