Sud kadrlarining professionalizmi, halolligi va zamonaviy kompetensiyalari muntazam rivojlantiriladi
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 14-avgustdagi «Odil sudlov – 2030»: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida Odil sudlov akademiyasi zimmasiga sud kadrlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim vazifalar yuklatildi.
Odil sudlov akademiyasi prorektori Dilshod Aripov shu haqda so‘zlab berdi:
– Farmonda belgilangan vazifalar mazmunini anglash uchun Akademiyaning keyingi davrdagi faoliyati va erishilgan natijalarini tahlil qilish muhim. Sudyalikka nomzodlarni qayta tayyorlash, sudyalar va sud xodimlarining malakasini oshirishda an’anaviy ma’ruza shakllaridan bosqichma-bosqich voz kechilib, amaliyotga yo‘naltirilgan zamonaviy ta’lim usullari joriy qilindi. Innovatsion yondashuvlar va ilg‘or metodologiyalar keng qo‘llanilmoqda.
Amaliyot tahlili kadrlar tayyorlash tizimini institutsional darajada yanada mustahkamlash zaruratini ko‘rsatdi. Shu sababli, farmonda qator strategik vazifalar belgilandi.
Birinchidan, odil sudlov tizimi uchun uzluksiz kadrlar tayyorlash zanjiri — Pipeline model joriy etiladi. U magistratura, qayta tayyorlash, amaliy stajirovka, baholash, sudyalikka tavsiya etish, doimiy malaka oshirish va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarini qamrab oladi.
Model nomzod Akademiyaga qabul qilinganidan boshlab, uning butun kasbiy faoliyati davomida bilim va amaliy ko‘nikmalarini monitoring qilish hamda kasbiy talablarga mos kelmaydigan shaxslarni xolis saralab olish imkonini beradi.
Ikkinchidan, sudyalikka nomzodlar, sudyalar va sud apparati xodimlarining kasbiy kompetensiyalar profili shakllantiriladi.
Unda intellektual salohiyat va tanqidiy fikrlash, emotsional intellekt, muloqot madaniyati, stressga chidamlilik, halollik va korrupsiyaga murosasizlik kabi muhim mezonlar inobatga olinadi. Akademiya tomonidan ishlab chiqilayotgan «Sud muhokamasi simulyatsiyasi» va sudyalikka nomzodlarning psixologik portretini shakllantiruvchi elektron dastur mazkur yo‘nalishning amaliy poydevori bo‘ladi.
Uchinchidan, Odil sudlov akademiyasi xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida transformatsiya qilinadi.
2030-yilga qadar Akademiyani dunyoning kamida ikkita xalqaro reytingida TOP-1000 ta’lim muassasalari qatoriga kiritish, yillik ta’lim oluvchilar kontingentini 500 nafarga yetkazish, sudyalar va sud apparati xodimlarini 100 foiz kasbiy kompetensiyalar profili bilan qamrab olish belgilangan. Xodimlarning kamida 10 foizi «El-yurt umidi» jamg‘armasi bilan hamkorlikda xorijda stajirovka o‘taydi.
Transformatsiya doirasida dastlabki tayyorgarlik va uzluksiz malaka oshirishni birlashtiruvchi sinergik uyg‘unlik modeli, sud nizolarining rivojlanish tendensiyalarini oldindan prognoz qilishga xizmat qiluvchi Forsayt markazi, shuningdek, Akademiyaning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan Endaument fondini tashkil etish rejalashtirilgan.
Endaument fondi orqali ilmiy tadqiqotlar, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, iqtidorli tinglovchilarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishni moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Alumni Association (Bitiruvchilar uyushmasi) orqali bitiruvchilarning kasbiy o‘sishi monitoring qilinadi, tajribali sudyalar tinglovchilarga mentor sifatida biriktiriladi va sud amaliyotidagi yangi muammolar haqida Akademiyaga tezkor qayta aloqa yo‘lga qo‘yiladi.
To‘rtinchidan, zamonaviy sharoitlarda dolzarb masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni tezkor oshirish tizimi takomillashtiriladi.
Buning uchun Micro-learning usuli, jumladan, «Judge-edu» telegram-boti orqali onlayn mashg‘ulotlar qamrovini kengaytirish, shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va boshqarishga qaratilgan elektron axborot tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda avtomatlashtirilgan nazorat mexanizmlari ham rivojlantiriladi.
Ilmiy salohiyatni kuchaytirish maqsadida 2026-yil 1-sentabrdan boshlab PhD yoki DSc darajasiga ega xodimlarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmi joriy etiladi.
Beshinchidan, sudyalar va sud apparati xodimlarining xorijda stajirovka o‘tashini tizimli tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ayniqsa, quyi sudlarda faoliyat yuritayotgan sudyalar va sud apparati xodimlarini xorijiy davlatlarning sud kadrlarini tayyorlovchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va sudyalar hamjamiyati organlarida stajirovkadan o‘tkazish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. 2030-yilga qadar nomzodlar, sudyalar va sud apparati xodimlarining kamida 10 foizini xorijiy malaka oshirish va stajirovka dasturlari bilan qamrab olish maqsad qilingan.
Oltinchidan, BMT rezolyutsiyasi asosida sudyalar va sud xodimlarining farovonligi hamda sog‘lig‘ini muhofaza qilish tizimi takomillashtiriladi.
Bunda sudyalar va sud apparati xodimlarining jismoniy va ruhiy salomatligini muhofaza qilish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini muntazam tashkil etish, yuqori ish yuklamasi sharoitida psixologik reabilitatsiya va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Umuman olganda, mazkur farmon sud kadrlarini tayyorlash sohasida to‘plangan amaliy va metodologik tajribani yangi institutsional bosqichga olib chiqmoqda. Eng muhimi, kadrlar tayyorlash endi muayyan lavozimga nomzodni o‘qitish bilan cheklanmay, uning butun kasbiy faoliyatini qamrab oladigan uzluksiz tizimga aylanmoqda.
Bu esa sudya va sud apparati xodimlarining professionalizmi, mustaqilligi, halolligi va zamonaviy kompetensiyalarini muntazam rivojlantirish, pirovardida esa odil sudlov sifatini oshirish va inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA