Sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlarga oid yangi risola
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan “2017-2021: Sud huquq sohasidagi islohotlar samarasi” risolasi chop etildi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini amalda ta’minlash hamda uning faoliyatini sifat jihatdan tubdan yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi risolada Harakatlar strategiyasi doirasida sohada amalga oshirilgan islohotlar va uning natijalari haqida so‘z yuritilgan. To‘plam quruq ma’ruzalardan holi, natijalar aniq raqam, fakt va taqqoslar orqali geometrik va grafik dizayn shaklida o‘quvchiga havola etilgan. Bu esa amalga oshirilgan islohotlar haqida keng tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Risola AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikning navbatdagi mahsuli bo‘lib, bepul tarqatiladi.
To‘plam keng ommaga mo‘ljallangan bo‘lib, uning elektron nusxasi bilan Sudyalar oliy kengashi veb-saytida tanishish mumkin.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati.