Sud-huquq islohotlarining bosh mezoni
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning markazida inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlash kabi ezgu maqsadlar mujassam. Bu jarayonda sud-huquq tizimini isloh qilish alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, fuqaroning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchi, avvalo, uning huquqlari qay darajada himoya qilinayotgani bilan belgilanadi.
Shu ma’noda, joriy yil 14-avgust kuni qabul qilingan “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni sud-huquq sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat mamlakatimizda inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, sudlarning mustaqilligini yanada mustahkamlash va odil sudlovni xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan.
Bugungi islohotlarning asosiy xususiyati shundaki, davlat boshqaruvi va jamiyat hayotining barcha sohalarida “inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Sud tizimidagi o‘zgarishlar ham aynan shu maqsadga xizmat qilishi lozim. Shu bois “xalqchil sud” tamoyilining joriy etilishi katta ahamiyatga ega.
Xalqchil sud — bu fuqaro o‘z muammosi bilan bemalol murojaat qila oladigan, uning huquq va qonuniy manfaatlari xolis va adolatli tarzda ko‘rib chiqiladigan tizimdir. Sudning vazifasi nafaqat qaror qabul qilish, balki insonning buzilgan huquqini tiklash, uni qonuniy himoya qilish va jamiyatda adolat qaror topishiga xizmat qilishdan iborat.
Sud xizmatlarining aholiga yanada yaqinlashtirilishi ham muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, chekka hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarining bosqichma-bosqich tashkil etilishi fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu ortiqcha sarson-sargardonlikning oldini olib, vaqt va mablag‘ni tejashga xizmat qiladi.
Sud-huquq islohotlarida sudyalarning mustaqilligi masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Sudya qaror qabul qilishda har qanday tashqi ta’sir va bosimdan xoli bo‘lishi, faqat Konstitutsiya va qonun talablariga tayanishi kerak.
Sud qarorlarining xolisligi va yagona sud amaliyotini ta’minlash ham islohotlarning muhim yo‘nalishidir. Hududlararo sudlarni tashkil etish, yagona sud amaliyotini shakllantirish, Oliy sud Rayosati qarorlarining “Pretsedentlar” reyestrini ochiq e’lon qilish kabi tashabbuslar sud qarorlarining barqarorligi va qonuniyligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Raqamlashtirish jarayoni ham sud-huquq islohotlarining ajralmas qismiga aylanmoqda. my.sud.uz portali imkoniyatlarini kengaytirish, mobil ilovani ishga tushirish, interaktiv murojaat namunalari va elektron izlash tizimlarini joriy etish fuqarolarga sud xizmatlaridan foydalanishda yangi imkoniyatlar yaratadi.
E’tiborlisi, raqamli texnologiyalar sud tizimini insondan uzoqlashtirish emas, balki uni xalqqa yanada yaqinlashtirish vositasi bo‘lishi kerak. Fuqaroning sudga murojaat qilishi, zarur ma’lumotlarni olishi va sud jarayoni bilan bog‘liq axborotlardan foydalanishi qanchalik oson bo‘lsa, tizimning ochiqligi va unga bo‘lgan ishonch ham shunchalik ortadi.
Umuman, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning insonparvarlik mohiyatini yana bir bor namoyon etmoqda. Unda belgilangan vazifalar sud tizimini faqat tashkiliy jihatdan emas, balki mazmunan ham yangilash, uni inson huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyachisiga aylantirishga qaratilgan.
Zero, islohotlarning haqiqiy samarasi qabul qilingan hujjatlar yoki tashkil etilgan yangi institutlar bilan emas, balki ularning oddiy inson hayotida qanday natija berayotgani bilan o‘lchanadi. Fuqaro sudga murojaat qilganida uning gapi eshitilsa, huquqi qonun asosida himoya qilinsa va adolat qaror topsa, ana shunda sud-huquq sohasidagi islohotlar o‘zining haqiqiy mazmunini namoyon etadi.
Mansurjon Hamidov,
“Adolat” SDP Navoiy viloyati Kengashi raisi
O‘zA