Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini 30 foizi davlat ijrochisining aralashuvisiz ta’minlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, quyidagilar sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini transformatsiya qilishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali ijro ishlari 30 foizining ijrosini davlat ijrochisining aralashuvisiz ta’minlash;
b) ijro ishi yurituvini raqamlashtirishni yanada jadallashtirish, sohada inson omilini bartaraf etish mumkin bo‘lgan jarayonlarni avtomatlashtirish orqali tezkorlik darajasini keskin oshirish;
v) fuqarolarning Konstitutsiya bilan belgilangan daxlsizlik huquqlarini buzmagan holda ayrim majburiy ijro harakatlarini undiruvchilar tomonidan amalga oshirish;
g) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimiga ilg‘or xalqaro tajriba asosida yangicha yondashuvlarni joriy qilish.
Farmonga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
a) sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va axborot tizimlarini takomillashtirish orqali davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning kamida 70 foizi avtomatlashtiriladi;
b) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlashdagi ish yurituv jarayonlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida elektron shaklda yuritiladi;
v) ijro harakatlari davomida undirilgan pul mablag‘larini taqsimlash jarayonlari raqamlashtiriladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlariga asosan davlat daromadiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan avtomototransport vositalari va ko‘chmas mulklar davlat ijrochisining qarori asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.
2026-yil 1-sentabrga qadar to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonidagi yuridik shaxslarning majburiyatlari bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvini ta’minlovchi platforma joriy etiladi.
O‘zA