Stol tennisi: Yangi chempionlar aniqlanmoqda
Qarshi shahrida stol tennisi bo‘yicha davom etayotgan U13 yosh toifasidagi O‘zbekiston chempionatida har bir yo‘nalish bo‘yicha eng kuchli kichik raketka ustalari aniqlanmoqda.
O‘tgan kunlar mobaynida qizlar, o‘g‘il bolalar va aralash yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.

Qizlar jamoasi o‘rtasidagi bahslarda Jizzax, Toshkent, Sirdaryo va Namangan viloyati terma jamoasi a’zolari shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi jamoaviy o‘yinlarda Qashqadaryo, Farg‘ona, Jizzax viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoalari kuchlilar qatorida e’tirof etildi.

Chempionatning aralash juftlik bahslarida andijonlik Farzona Furqatova/Orolmirzo Xudoyberdiyev, erkaklar juftligida Toshkent viloyati vakillari Shahriyor Shavkatov/Shohjahon Avazov, tennischi qizlar juftligida andijonlik Odinaxon Arslonova/ Diloromxon Arslonova 1-o‘rinni egalladi.

Kecha chempionatning yakkalik bahslarida saralash musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Saralash musobaqalaridagi qarama-qarshiliklar sarhisobiga ko‘ra, o‘g‘il bolalar orasida bronza medallariga andijonlik Amir Shiriyev va samarqandlik Husayn Iskanderov, qiz bolalar orasida xorazmlik Maftuna Ibodullayeva hamda sirdaryolik Sarvinoz Bo‘riboyeva ega chiqdi.

Bugun, 19 mart kuni yakkalikning final uchrashuvlari tashkil etiladi. Qiz bolalar orasida andijonlik Eleanora Shiriyeva xorazmlik Mubina Marinboyeva bilan, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toshkent viloyati vakillari Lochinbek Abduxalilov va Alixon Kamalov O‘zbekiston chempionligiga erishish uchun kurash olib borishadi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat chempionatida g‘olib va sovrindorlikka erishgan sportchilar stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining asosiy va zaxira tarkibidan o‘rin egallashadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA