Stol tennisi: Jahon chempionati ilk o‘yinida yutqazganlar endi Uels va Puerto-Riko bilan kuch sinashadi
Angliya poytaxti London shahrida stol tennisi bo‘yicha jamoaviy yo‘nalishda o‘tayotgan jahon chempionatining dastlabki kungi musobaqalari ortda qoldi.
Mahoratli tennischi yigitlarimiz Shohrux Iskandarov, Sarvarbek G‘ulomov, Diyorbek Dilshodov va Jamshid Rahimberganovdan iborat O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Braziliya, Vengriya, Puerto-Riko termalari bilan 4-guruhdan joy olgan bo‘lsa, Arujan Kamalova, Asel Erkebayeva, Adelina Hasanovadan iborat qizlar jamoamiz 11-guruhda Avstraliya, Nigeriya, Uels vakillari bilan keyingi bosqichga chiqish yo‘lida harakatlanmoqda.

Kecha ortda qolgan ilk kungi o‘yinda tennischi qizlarimiz Avstraliya jamoasi bilan kuch sinashdi.
Qiziqarli kechgan bahsda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 3:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvda Adelina Hasanova munosib o‘yin ko‘rsatib, raqibini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Arujan Kamalova va Asel Erkebayeva esa 0:3 ko‘rinishida yutqazdi.

Mamlakatimizning erkaklar jamoasi dastlabki o‘yinda Yevropaning kuchli jamoalaridan biri sanalgan Vengriya jamoasiga qarshilik ko‘rsatdi. Murakkab kechgan bahsda hamyurtlarimiz 0:3 hisobida raqiblariga yo‘l berdi.
Bugun ikkinchi kungi o‘yinlarda O‘zbekiston ayollar jamoasi Uels jamoasi bilan ro‘baro‘ kelsa, erkaklar jamoamiz Puerto-Riko stol tennischilari bilan bahs olib boradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA