Statistikani e’lon qilishda ehtiyot bo‘lish kerak
Tinch okeani mintaqasida joylashgan Fiji davlati statistika boshqarmasi rahbari mamlakat aholisining taxminan uchdan biri kambag‘allikda yashayotgani haqida ma’lumot tarqatgandan keyin o‘z vazifasidan ozod etildi, deb yozmoqda Fiji Times gazetasi.
Fiji hukumatining ta’kidlashicha, statistika boshqarmasi direktori Kemyueli Naykama fuqarolarning 2019-2020 yillardagi daromadi haqida ma’lumotlarni iqtisodiyot vaziriga tasdiqlatmasdan e’lon qilgan.
E’lon qilingan statistika ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda yashayotgan 864 ming 132 kishining 258 ming 53 nafari qashshoq yashaydi. Ularning 200 ming 871 nafari nasroniylar jamoasidan, 41 ming 42 kishi hindular va 11 ming 679 kishi musulmonlar hisoblanadi.
Fijining tub aholisi orasida 192 ming 977 kishi kambag‘al yashashi ma’lum bo‘ldi.
Fijida yillik daromadi 2179 dollarga yetmagan odamlar kambag‘al hisoblanadi (1000 AQSH dollaridan sal ko‘proq) va ular asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur buyumlarni sotib ololmaydi.
Mazkur ma’lumotlar Fiji hukumatining muxolifat tomonidan keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.