Sportga oshno xotin-qizlar
Poytaxtimizning Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda marafon o‘tkazildi.
Poytaxtimizning Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda marafon o‘tkazildi.Xalqaro aholishunoslik kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur musobaqada xotin-qizlar qo‘mitasi faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, uy bekalari, o‘quvchi qizlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda aholi, ayniqsa xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, millatimiz genofondini yanada sog‘lomlashtirish, ayollarni ommaviy sportga keng jalb etish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Yurtimizda zamonaviy sport-sog‘lomlashtirish majmualari, suzish havzalari, sport zallarining barpo etilayotgani, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida qishloq joylar uchun sport murabbiylarini tayyorlash keng yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi e’tiborning amaliy ifodasidir.
"Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi doirasida ayollar salomatligini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Prezident Islom Karimov onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashga doimiy e’tibor ko‘rsatmoqda, – deydi BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Miyeko Yabuta. – Bu borada bir qator dasturlarning hayotga joriy etilayotgani ana shu g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. Tashkilotimiz O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, erta nikohlarning oldini olish, mahalla maslahatchilarining sog‘lom turmush targ‘ibotiga oid malakasini yuksaltirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qizlarning sportga qiziqishi va e’tiborini kuchaytirish, jamiyatimizda, mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yuzasidan bir qator tadbirlar, ijtimoiy aksiyalar, turnirlar tashkil etmoqda. "Gimnastika barcha uchun", "Otam, onam va men – sportchi oila" kabi musobaqalarga tobora ko‘proq aholi jalb etilmoqda. Mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan "Salomatlik" jamoatchilik sektorlari tomonidan qizlar, uy bekalari, kasb-koridan qat’i nazar, barcha ayollarni sport klublari, sog‘lomlashtirish to‘garaklariga jalb etish, musobaqalar, sport marafonlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Sport bilan muntazam shug‘ullanish xotin-qizlar uchun juda foydali ekanini amalda o‘zimiz his etmoqdamiz, – deydi Uchtepa tumanidagi "Bekobod" mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nodira Anvarova. – Mahallamizda har tong xotin-qizlar to‘planib, sog‘lomlashtirish mashqlari bilan shug‘ullanamiz.
Marafonda ishtirokchilar 1,5 kilometr masofaga yugurdi. Bolalar ishtirokida shashka musobaqasi, "Yoz o‘tmoqda soz" mavzuida asfaltga rasm chizish bo‘yicha ijodiy tanlov o‘tkazildi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.