Sportchilarning takliflari eshitildi
Namangan Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlar va sportchilar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda sport sohasi mutasaddilari, mas’ul tashkilotlar vakillari hamda yosh sportchilar ishtirok etib, sportni rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqot davomida mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh sportchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishish imkoniyatlari hamda sohaning istiqbolli rejalari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, taklif va tashabbuslarini bildirishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mutasaddilar sport yoshlarning jismoniy va ma’naviy kamoloti, ularda intizom, matonat va g‘alabaga intilish kabi fazilatlarni shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.

– Sport nafaqat sog‘lom turmush tarzining asosi, balki yoshlarni yuksak maqsadlar sari yetaklaydigan hayot maktabidir. Bugun sport bilan shug‘ullanayotgan har bir yosh kelajakda mamlakatimiz nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadi, – dedi sport vazirining o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov.

Tadbir yakunida respublika va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan bir guruh sportchilar hamda ularning murabbiylari taqdirlandi.
Ta’kidlanganidek, bunday ochiq muloqotlar yoshlarni sportga keng jalb etish, ularni yangi yutuqlar sari ruhlantirish va iqtidorini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N. Rahmonova, O‘zA