Sportchi yoshlar safi kengaymoqda
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Sirdaryo viloyatida 2003-2015-yillarda 78 zamonaviy sport inshooti barpo etildi.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Sirdaryo viloyatida 2003-2015-yillarda 78 zamonaviy sport inshooti barpo etildi.Bugungi kunda viloyatda sportning 43 turi bilan muntazam shug‘ullanayotgan 68 mingdan ziyod yoshlarning 25 mingdan ziyodi qizlardir.
– Prezidentimiz O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishida yoshlarning, ayniqsa, qishloq yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratish lozimligiga alohida e’tibor qaratdi, – deydiO‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Sirdaryo viloyati filiali direktori Ulug‘bek Yo‘ldoshev. – Bugun viloyat qishloqlaridagi 118 mingdan ortiq o‘quvchi-yoshlarning 43 mingdan ziyodi sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Keyingi yillarda bunyod etilgan sport inshootlarining asosiy qismi qishloq joylarida qad rostlagan.
Darhaqiqat, o‘tgan yili qishloqlarda ikkita sport zali qurilishi hamda bitta bolalar va o‘smirlar sport maktabining rekonstruksiya ishlariga 3,2 milliard so‘m, sport anjomlari bilan jihozlash uchun 769,2 million so‘m sarflangan.
Yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar viloyat sportchilari erishayotgan yutuqlarda o‘z ifodasini topmoqda. 2015-yilda mamlakat miqyosida o‘tkazilgan sport musobaqalarida viloyatning 580 sportchisi g‘olib va sovrindorlar safidan o‘rin olgan bo‘lsa, 110 nafari xalqaro musobaqalarda sovrindor bo‘lib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi.
Joriy yilda viloyatda manzilli dasturga ko‘ra, to‘rtta, jumladan, Xovos tumanida musiqa va san’at maktabi, Mirzaobod tumanidagi 30-, Sayxunobod tumanidagi 41-umumta’lim maktablarining yangi sport zallarini qurish, Guliston shahrida yangi yopiq suzish havzasi hamda baydarka va kanoeda eshkak eshish bazasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Ayni paytda viloyatda 150 ga yaqin qizlar suv sporti bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Yangi yopiq suzish havzasi hamda baydarka va kanoeda eshkak eshish bazasi qurilib foydalanishga topshirilgach, yana 300 dan ziyod yosh sportchilarning mashg‘ulotlarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Yoshlarni jismoniy-tarbiya va sportga keng jalb etish, sport bilan muntazam shug‘ullanishi va yuqori natijalarga erishishida murabbiylarning munosib o‘rni bor.
– Sport maktablarini malakali murabbiylar bilan ta’minlash, ularning bilimini zamon talablari darajasiga ko‘tarish maqsadida har yili 100 dan ziyod murabbiy malaka oshirish kurslarida tahsil oladi, –deydi viloyat bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi direktori Gulnora Boboyeva. – Ayni paytda suv sporti bo‘yicha Guliston davlat universitetida 10, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida 12 nafar yoshlarimiz tahsil olmoqda. Ulardan 8 nafari qizlar ekani, bu sport turi bo‘yicha murabbiyalarga bo‘lgan ehtiyoj qondirilishidan dalolat beradi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 2016-2020-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida viloyatdagi barcha bolalar va o‘smirlar sport maktablarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanadi. Buning samarasida 22 sport turi bo‘yicha 875 seksiya tashkil etiladi, yana 10 mingdan ziyod o‘quvchi-yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga imkoniyat yaratiladi.