Sportchi yoshlar bilan uchrashuv
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev yoshlar kuni doirasida bir qator sportchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda Jo‘qorg‘i Kengesi raisi dastlab davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga sharoit yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlash joiz, yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida yangi sport inshootlari barpo etilib, bunday ishlar bugungi kunda ham davom etmoqda.

Bo‘lajak Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish, yoshlar orasidan yurtimiz sha’nini xalqaro maydonda munosib himoya qiladigan sportchilarni yetishtirish bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. O‘z navbatida bunday sharoitlar sportchilarimizni yangidan-yangi yutuqlarga ruhlantirmoqda.

Uchrashuvda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar emas, balki sportchilar hayotida uchrayotgan muammolar qayd etilib, ularni bartaraf etishga ko‘proq e’tibor qaratildi. Shu maqsadda sportchi yoshlar, ularning yaqinlari va murabbiylari bilan yaqindan suhbatlashilib, fikr va takliflari tinglandi. Ko‘tarilgan har bir masala nazoratga olinib, ularni ijobiy hal qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.