Sport yoshlarni birlashtiradi
Yoshlar press-klubida I Yoshlar sport sammitining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Besh tashabbus
Yoshlar press-klubida I Yoshlar sport sammitining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2019 yil 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etish, ularning madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish yuzasidan 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan edi.
Muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lgan sportni yanada rivojlantirish maqsadida talaba-yoshlarning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida o‘tkazilayotgan I Yoshlar sport sammitida 100 dan ziyod yosh ishtirok etmoqda.
Sammit 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga sportchilarni pedagogik, jismoniy, biologik, psixologik tayyorlash, O‘zbekistonda sport turizmini rivojlantirish, innovatsion va biznes-rejalar ishlab chiqish, sport jurnalistikasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.
Mazkur sammit aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportga bo‘lgan muhabbatni oshirish, jismoniy tarbiya va sport, turizm, sport jurnalistikasini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodni, sportchilarni jahon maydonlarida yuqori natijalarni ko‘rsatishlari uchun har tomonlama tayyorlashda yoshlardan olingan taklif va tavsiyalar asosida murabbiylar uchun ilmiy-uslubiy qo‘llanma yaratish hamda ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash maqsadida tashkil etildi.
Sammitdagi asosiy tadbirlar Bo‘stonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida bo‘lib o‘tadi. Tadbirning ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar Yoshlar oromgohi tomon yo‘l oldi.
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan sportchilarning boy hayotiy tajribasi va salohiyatidan keng foydalanish maqsadida taniqli sportchilar bilan suhbatlar, shu bilan birga, turli mavzularda seminar-treninglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.