Sport – sog‘lom turmush garovi
Yurtimizda, shu jumladan Namangan viloyatida “Besh tashabbus olimpiadasi” qizg‘in tarzda davom etmoqda. Joriy yildan boshqacha formatda tashkil etilgan ushbu tashabbus ilk marotaba maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori doirasida an’anaviy ravishda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlarining ikkinchi mavsumi Namangan shahridagi 32-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.

Qayd etish joiz olimpiadaning ushbu mavsumi sentyabr-dekabr oylarida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, unda yoshlar san’at-madaniyat, sport, kitobxonlik va intellektual o‘yin yo‘nalishidagi musobaqa va tanlovlarda ishtirok etadi. Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida Namangan shahar hokimligi, viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari o‘quvchilarga omad tiladi.

“Besh tashabbus olimpiadasi”dan o‘rin olgan, o‘quvchilarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan “Zakovat”, “Quvnoq startlar”, “Quvnoqlar va zukkolar” kabi tanlovlar hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportni ommalashtirish maqsadida uyushtirilgan yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, mini futbol, voleybol musobaqalarida o‘g‘il-qizlar o‘z bilim va mahoratini namoyon etdi.

O‘quvchi yoshlarni mushtarak ezgu maqsadlar atrofida birlashtirgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning maktab bosqichida g‘olib chiqqan o‘quvchilar keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, ular diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA