Sport – sog‘lom hayot garovi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati boshqaruvi va Qo‘shko‘pir tuman bo‘linmasi tomonidan yoshlar o‘rtasida sport-sog‘lomlashtirish tadbiri o‘tkazildi.
"Barkamol avlod – 2022" shiori ostida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati bo‘limi boshqaruvi hamda Qo‘shko‘pir tuman bo‘linmasi sovrini uchun “Taraqqiyot” mahallasidagi “Bolalar va o‘smirlar sport maktabi” da tuman birinchiligi uchun futbol bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

Musobaqada jamoalar tuman birinchiligi uchun kurashdi. Turnirda “Bolalar va o‘smirlar sport maktabi” jamoasi g‘olib bo‘ldi. Musobaqa so‘ngida “Eng yaxshi jamoa”, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi himoyachi”, “Eng yaxshi hujumchi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati boshqaruvining diplom, qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Sport-sog‘lomlashtirish tadbiri uyushgan va uyushmagan yoshlarni chinakam mard va jasur, qolaversa, vatanparvar bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati boshqaruvi raisi A.Radjabov. – Bu kabi jamoaviy tadbirlar, musobaqalarni Xorazmning barcha hududlarida o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

Bu esa, ularni sog‘lom va barkamol o‘sishida muhim o‘rin tutadi.
B.Meliqulova, O‘zA