Sport – salomatlik omili
Toshkent moliya instituti sport majmuasida Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan respublika ayollar sport festivalining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent moliya instituti sport majmuasida Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan respublika ayollar sport festivalining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur sport anjumanida tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi F.Abdurahimova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ayollarni qadrlash, ularga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish, oila, onalik va bolalik manfaatlarini himoyalash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini mustahkam qaror toptirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Barcha hududlarda jahon andozalariga to‘la javob beruvchi sport-sog‘lomlashtirish majmualari, klublar, sport saroylari, suzish havzalari barpo etilayotgani, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida sport murabbiyalarini tayyorlashni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani xotin-qizlarni sportga keng jalb etish borasidagi ulkan e’tiborning amaliy ifodasidir.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan sport festivalida ishtirokchilar yengil atletika, voleybol, gimnastrada, shaxmat-shashka, suzish, darts, stol tennisi bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
– Mahallamizda ayollar, ayniqsa, uy bekalari, pensionerlarni jismoniy tarbiyaga keng jalb etish maqsadida turli sport tadbirlari, turnirlar muntazam o‘tkaziladi, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Yangi hayot» mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Fotima Jumayeva. – Bu ayollarning sog‘lom, tetik, bardam, xush kayfiyatda yurishiga xizmat qiladi.
Sport festivalida umumjamoa hisobida Mirobod tumani jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Olmazor tumani jamoasi ikkinchi, Sergeli tumani vakillari uchinchi o‘ringa munosib topildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.