Sport – salomatlik garovi
Nukus Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi sport bazasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida respublika davolash profilaktika muassasalari xodimlari o‘rtasida spartakiada musobaqalari o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish orqali xodimlar salomatligini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan musobaqa ishtirokchilari armrestling, shashka, stol tennisi, yengil atletika, darts, arqon tortish turlari bo‘yicha bahslashdi.

Ta’kidlanganidek, tibbiyot sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida xodimlar orasida sport musobaqalarini tashkil etish orqali ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ommaviy sportga keng jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti bo‘yicha ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Spartakiada yakunida respublika davolash profilaktika muassasalari xodimlari orasida umumjamoa hisobida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi birinchi, 1-Respublika ruhiy va asab kasalliklari dispanseri ikkinchi, Respublika o‘lat profilaktika markazi Qoraqalpog‘iston filiali uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblarga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan kubok, medal, diplomlar, sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, “Eng yoshi katta ishtirokchi”, “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng mohir havaskor ishtirokchi”, “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar rag‘batlantirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA