Sport –Lobargul hayotining mazmuni
Sportimiz jonkuyarlari
Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining stol tennisi murabbiysi, oliy toifali trener Lobargul Mirzaxo‘jayeva o‘tgan yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida “Yilning eng faol sog‘lom turmush targ‘ibotchisi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi.

U ishlayotgan ushbu markazda 24 ta yo‘nalish bo‘yicha 441 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 67 nafar trener va 23 nafar o‘qituvchi ularga sport sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Bu yerda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi 13-umumta’lim maktabi viloyatda tennis sportiga asos solgan maktab sifatida e’tirof etiladi.
Lobargul ana shu maktabda ta’lim-tarbiya olgan va sportga oshnoligi ham o‘sha o‘quvchilik davrida boshlangan. U ustozi Muxtor Saitqulovdan tennisning barcha sir-asrorlarini puxta o‘rgandi. Ustozi Lobargulni kichik musobaqalardan tortib, yirik respublika va xalqaro chempionatlargacha tayyorladi. Hozirgi kunda Lobargul ustozi bilan yonma-yon ishlamoqda.
Lobargul mana o‘n to‘qqiz yildan beri sportning ushbu turi bo‘yicha shug‘ullanadi. O‘tgan yillar davomida u juda ko‘plab, jumladan, respublika va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, mamlakatimiz sharafini himoya qildi. Dastlab 2000 yillarning boshlarida “Olimpiya umidlari” musobaqasida 1-o‘rinni olgan bo‘lsa, keyinchalik uch bosqichli sport o‘yinlarida, jumladan, Guliston davlat universitetida jismoniy tarbiya yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotganida “Universiada” musobaqalarida qatnashib, faxrli to‘rtlikdan o‘rin oldi.
Oliy o‘quv yurtini tamomlab, ish faoliyatini boshlaganida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha shogirdlar tayyorlashga ahd qildi. L.Mirzaxo‘jayeva 2018 yildan buyon Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida stol tennisi bo‘yicha murabbiy (trener-o‘qituvchi) bo‘lib faoliyat ko‘rsatmoqda. Shogirdlari O‘zbekiston Respublikasi chempionatlari va O‘zbekiston kubogi musobaqalarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Lobargul trenerlik faoliyati davomida 100 nafardan ziyod yosh stol tennischisini yetishtirib, viloyat terma jamoasiga bir qator sportchilarni tayyorladi. Shogirdlaridan bir necha nafari tennis bo‘yicha respublika terma jamoasi a’zolaridir. Uning rahbarligida 5 nafar shogirdi “Sport ustaligiga nomzod” bo‘ldi. 13 nafar o‘quvchisi esa oliy ta’lim muassasasida tahsil olmoqda.
Shuningdek, qahramonimiz hamkasblari orasida tashabbuskor va tashkilotchiligi, ayniqsa, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi sifatida ajralib turadi. Markazdagi dars va mashg‘ulotlardan tashqari boshqa ta’lim-tarbiya maskanlarida, mahallalarda, jumladan, o‘zi yashab turgan Guliston shahridagi “Bo‘ston” MFY aholisi o‘rtasida, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar orasida sport bilan shug‘ullanish, sog‘lom hayot kechirish insonning umriga mazmun bag‘ishlashi haqida suhbatlar o‘tkazadi.

2022 yili Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan “Besh tashabbus” sport musobaqalarining o‘tkazilishiga munosib hissa qo‘shgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligining “Tashakkurnoma”si bilan taqdirlangan. MDH davlatlari o‘rtasidagi tanlovda faol ishtirok etib “Ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Turmush o‘rtog‘i Laziz Abdurahimxodjevning kasbi ham sportchi. Hozir u tadbirkorlik bilan shug‘ullansa-da, oila a’zolarini muntazam qo‘llab-quvvatlab, ularga ko‘maklashadi. Farzandlari o‘n yoshli Mehribon va to‘qqiz yoshli G‘olibjon ham tennis bilan shug‘ullanadi.

Lobargul markazdagi nogironligi bo‘lgan sportchilar bilan ham alohida shug‘ullanadi. Ayni paytda guruhda 3 nafar a’zo bor. Armrestling bo‘yicha 13 karra jahon chempioni Umid Ahmedov para stol tennisi bo‘yicha ham u o‘zini namoyon qilmoqda. U shu yo‘nalishda 3 karra O‘zbekiston chempioni.
–Yana bir o‘quvchim Husnora Sa’dullayeva haqida alohida to‘xtalaman, – deydi Lobargul. – Imkoniyati cheklangan bu qizaloqqa alohida mehrim tushgan. Mushtdekkina jussada shuncha iroda, bardosh borligidan hayratga tushaman. Mashg‘ulotlarga qatnay boshlaganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin harakatlarida har kuni bir o‘zgarish, ko‘zlarida shodlikni ko‘raman. Quvonarlisi, u yaqinda bo‘lib o‘tgan o‘zi kabi sportchilar o‘rtasidagi respublika chempionatida ilk bor qatnashib, faxrli to‘rtlikdan o‘rin oldi.
Lobargul bilan suhbatlashib qaytar ekanman, ushbu maskanda yurtimizda sportni rivojlantirishga, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga barcha imkoniyat yaratilganiga guvoh bo‘ldim.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri