Sport — halollik sinovi
"Olimpiya shaharchasi"da O‘zbekiston kurash federatsiyasi hamda Milliy antidoping agentligi hamkorligida “O‘zbekistonda halol sport tamoyillari va dopingning salbiy oqibatlari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent shahar kurash federatsiyasi vakillari, murabbiylar hamda sportchilar faol ishtirok etdi. Asosiy e’tibor joriy yilda milliy va xalqaro maydonlarda, xususan kurash bo‘yicha ilk bor musobaqalarda ishtirok etayotgan yosh va yangi sportchilarga qaratildi.

Seminar davomida antidoping qoidalarini chuqur o‘rganish, amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish, doping vositalaridan butunlay voz kechish tamoyillarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, WADA talablari, qoidalarni buzganlik uchun qo‘llaniladigan jiddiy sanksiyalar — diskvalifikatsiya, jarimalar va sportdan butunlay chetlatish holatlari haqida aniq va ochiq tushuntirishlar berildi.

Bugun sport faqat g‘alaba va medallardan iborat emas, u avvalo halollik sinovi. Kurash kabi qadriyatga boy sport turida har bir yutuq ortida sof mehnat va toza vijdon turishi kerak. Shu ma’noda, bu seminar yosh sportchilar ongida “g‘alaba har qanday yo‘l bilan emas, balki to‘g‘ri yo‘l bilan qimmat” ekanini yana bir bor mustahkamladi.
N.Rahmonova,
O‘zA