Sport bilan mashg‘ul ayollar
Andijonda viloyat hokimligi, Oila va xotin-qizlar hamda sport boshqarmalari hamkorligida xotin-qizlar sport olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘tkazilgan sport olimpiadasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova mamlakatimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, o‘tkazilayotgan mazkur festivalining ayollarni sportga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdagi o‘rni va roli xususida gapirdi.


– Bugun viloyatimizda xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun besh mingdan ziyod sport inshootlari ishlab turibdi. Xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan bo‘lib, bir yarim ming nafardan ziyod ayol murabbiylar sohada faoliyat olib bormoqda. Umuman, bu borada olib borilayotgan samarali ishlar natijasida viloyatda sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi ayollar safi yildan-yilga ortib bormoqda. Bu o‘z navbatida oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlar samaradorligini oshirmoqda, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova.


Bayramona ruhda o‘tgan sport festivalida ishtirokchilar sportning yengil atletika, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.