Sport bilan do‘st tutingan qizlar
Ilgari aksariyat kishilar xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishini to‘g‘ri tushunmagan. Shuning uchunmi, ko‘pchilik qizlar erta turib yugurishga, gimnastika mashqlarini bajarishga, sportning suzish singari turlariga qatnashishga istihola qilar edi...
Ilgari aksariyat kishilar xotin-qizlarning sport bilan shug‘ullanishini to‘g‘ri tushunmagan. Shuning uchunmi, ko‘pchilik qizlar erta turib yugurishga, gimnastika mashqlarini bajarishga, sportning suzish singari turlariga qatnashishga istihola qilar edi...Mamlakatimizda istiqlol yillarida ta’lim va ma’naviyat, san’at, sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bunday eskicha qarashlar barham topib, sportga, ayniqsa, qizlar sportiga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, xalqimiz, millatimizning umidi va tayanchi hisoblangan kelajak avlodni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadigan naslimiz davomchilarini ko‘ramiz. Qiz bola sog‘lom va baxtli bo‘lsa, u quradigan oila ham, uning mevasi bo‘lmish bola ham sog‘lom va baxtli bo‘ladi. Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, butun jamiyat baxtli va farovon bo‘ladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilarning ruhiyati baland bo‘lishi fanda isbotlangan. Kasallikning kayfiyati chog‘ kishidan uzoq yurishi immunitet kuchliligidan dalolat ekan. Zamonaviy psixologiyada inson kayfiyatini ko‘taruvchi, irodasini mustahkamlovchi vosita sifatida sport mashg‘ulotlariga urg‘u beriladi.
– Sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilarning sog‘lom bo‘lishi barchaga ma’lum, – deydi shifokor Go‘zal Alimova. – E’tiborlisi, ularning ruhiyati ham sog‘lom, yuragi baquvvat, organizmi chiniqqan bo‘ladi. Ertalab turib yugurish, yengil mashqlarni bajarish organizmda qon aylanishini yaxshilaydi. Bu esa sizga kun bo‘yi tetiklik baxsh etadi, natijada kayfiyatingiz ham ko‘tarinki bo‘ladi. Qizlarni yoshligidan sport mashg‘ulotlariga jalb qilish kerak. Ayniqsa, o‘smir qizlar sportning hech bo‘lmaganda yengil turlari bilan shug‘ullanib turishlari shart. Gimnastika mashqlarini bajarish, tennis, voleybol, basketbol o‘ynab turish ularning sog‘lig‘i uchun foydali.
Mahallalarda, maktablarda faoliyat yuritayotgan sport va “Orasta qizlar” to‘garaklari xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Olmazor tumanidagi Abu Bakr Shoshiy nomidagi mahallada ham sportning gimnastika, suzish, shaxmat-shashka, stol tennisi singari turlari bilan shug‘ullanuvchilar talaygina. O‘smir yoshdagi qizlar va uy bekalari mahalla hududida joylashgan 7-zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazi, 24-umumta’lim maktabi, suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabiga muntazam qatnab, mashg‘ulotlarni o‘tamoqda. Mazkur guruhga 100 ga yaqin xotin-qiz qamrab olingan.
– Mahallamizda har jabhada faol xotin-qizlar ko‘p, – deydi mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maktuba Rizayeva. – So‘nggi yillarda ularni sport to‘garaklariga jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida mahalla faollari bilan xonadonlarga kirib, targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz. Ularni qiziqtirish uchun turli sport musobaqalarini o‘tkazayotirmiz.
Maktuba opa sportning sog‘liqqa nechog‘li foydali ekanligini yaxshi anglaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘zi ham muntazam ravishda gimnastika bilan shug‘ullanib, mahalla ayollariga namuna bo‘lib kelmoqda. U boshchiligidagi gimnastikachi ayollar jamoasi musobaqalarda munosib ishtirok etmoqda. Mustaqilligimizning yigirma besh yilligi arafasida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, Gimnastika federatsiyasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan an’anaviy “Gimnastika barcha uchun” mamlakat ochiq chempionatida qatnashib, faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.