Sovuq havoda maktablardagi sharoit qanday?
FOTOTANQID: Jizzax viloyati umumtaʼlim maktablarida kuz-qish mavsumida ham oʻquvchilarning sifatli bilim olishi, sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zarur sharoit yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jizzax viloyati umumtaʼlim maktablarida kuz-qish mavsumida ham oʻquvchilarning sifatli bilim olishi, sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zarur sharoit yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo qishloq maktablarida ham shundaymi, degan savolga javob izlab Sharof Rashidov tumanida boʻldik.
Tuman xalq taʼlimi boʻlimi rahbari Durbek Nosirovning taʼkidlashicha, tumandagi 59 ta umumtaʼlim maktabida 38 ming 600 dan ziyod oʻquvchi taʼlim oladi. Kuz-qish mavsumida ham oʻquvchilarga zarur sharoit yaratish maqsadida 200 tonna koʻmir, 590 tonna koʻmir briketi jamlangan.


Bu ishlar taqsinga loyiq, ammo oʻsha yoqilgʻining sifatiga kim javobgar? Nega maktab maʼmuriyati bilaturib sifatsiz koʻmir briketi olishga majbur boʻlmoqda?
Haqiqatan ham, bugungi kunda qishloq joylardagi maktablarni isitish borasida muammolar uchrab turibdi. Masalan, Sh.Rashidov tumanidagi 52-umumiy oʻrta taʼlim maktabida bunga yana bir bor guvoh boʻldik. Eski idora binosida 1998-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan 100 oʻrinli maktabda 78 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya olmoqda. Xonalar sovuqligidan oʻquvchilar ustki kiyimlari bilan oʻtirishga majbur.


- Ayni paytda xonalarni isitishda qiyinchiliklarga duch kelayapmiz, — deydi oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Gʻulom Oʻsarov. – Sababi, Samarqand BYOOKS “Jizzax“ koʻmir omboridan olingan 35 tonna koʻmir briketining (agar shunday atash mumkin boʻlsa) 80 foizi yoʻlda maydalanib, bir uyum sifatsiz koʻmir qumiga aylandi. Natijada elakdan oʻtkazib, yoqishga yaroqlilarini terib olishga majburmiz. U ham boʻlsa yaxshi isitmaydi. Kuniga 3 ta qozonxonaga 98 kilodan koʻmir briketi yoqamiz. Ammo koʻrib turganingizdek, xonalar sovuq.


Yana bir jihat eʼtiborimizni tortdi. Qishda oʻquvchilarga jismoniy tarbiya darsida shashka, shaxmat va stol tennisi oʻtilar ekan, xolos. Sportning boshqa turlari ham bor-ku, deysizmi. Axir maktabda sport zali boʻlmaganidan keyin nima qilsin qishloq yoshlari. Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbus asosida zarur boʻladigan jihozlar bu dargohga begona. Sababi esa, chekka hududda joylashganida.
Nima boʻlganda ham soha mutasaddilari ertamiz kelajagi boʻlmish yoshlarning taqdiri, eng muhimi, sogʻligʻiga befarq boʻlmaydilar, degan umiddamiz.

Mavzuga yana qaytamiz.