“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili amalda
Prezidentimiz joriy yil 16 mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi chog‘ida sohani takomillashtirish, xususan, soliq tizimini raqamlashtirish, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilib, ularning muammolarini o‘rganish, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi, tadbirkorlarni soliq sohasidagi o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati boshchiligida joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Jizzax shahri, G‘allaorol, Do‘stlik va Zomin tumanlarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda viloyatning barcha tumanlaridan jami 3 ming nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi. Joriy yil birinchi choragida viloyat davlat soliq boshqarmasi mutaxassislari tomonidan qariyb 6 mingta tadbirkorlik sub’ektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida batafsil ma’lumot berildi. bugungi kunda Jizzaxda 22 mingga yaqin yuridik shaxslar faoliyat yuritadi.
Yil boshidan buyon “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida viloyatdagi 13 ming 97 ta korxonaning 7 ming 109 ta muammosi o‘rganildi, mazkur muammolarning 7 ming 100 tadan ortig‘i bevosita soliq xodimlari ko‘magida hal etildi. Tadbirkorlik sub’ektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida joriy yil o‘tgan 3 oyi davomida 1 ming 466 ta korxonadagi 4 ming 676 nafar norasmiy ishlovchi fuqaro faoliyati qonuniylashtirildi. 2020 yilda yangi Soliq kodeksi qabul qilinib, soliq turlari kamaytirildi. Mulk solig‘i 5 foizdan 1,5 foizga tushirildi, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi. Natijada, soliq tushumlari viloyatda 1,5 baravar ko‘paygan bo‘lsa, QQS to‘lovchilar soni 3 ming 700 nafardan 6 ming 200 nafarga yetdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘idan qaytarilgan mavjud ortiqcha to‘lov miqdori 2022 yilning birinchi choragida 50 ta korxonada 73 milliard 693 million so‘mga yetkazildi.
Ayni vaqtga qadar viloyat soliq to‘lovchilari tomonidan 369 milliard 911 million so‘m miqdorida soliq to‘lanib, belgilangan prognoz rejasi 21 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarilgan. Byudjetga yo‘naltirilgan mablag‘larning 312 milliard so‘mi, ya’ni 84 foizi yuridik shaxslar, 57 milliard 900 million so‘mi – 16 foizi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keldi. “Soliq hamkor” dasturi orqali viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan bog‘liq soliq huquqbuzarliklari to‘g‘risida jami 812 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarga asosan 534 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazildi. bugungi kunga qadar murojaatlari o‘z tasdig‘ini topgan 186 nafar fuqaroning bank plastik kartalariga 93 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi. O‘tgan 3 oyda 117 ta korxonaga yer, 36 ta korxonaga mol-mulk, 46 ta korxonaga ijtimoiy, 65 ta korxonaga aylanmadan olinadigan, 488 ta korxonaga qo‘shilgan qiymat, 6 ta korxonaga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va 6 ta korxonaga foyda solig‘idan imtiyozlar qo‘llanildi.
Viloyatning barcha tadbirkorlari va fuqarolariga davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida yaqindan ko‘maklashiladi.
Bekzod Toshpo‘latov,
Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA