Soliq tizimi: reja va vazifalar belgilandi
Jizzax viloyati soliq boshqarmasida “2023 yilda byudjet tushumlari ijrosi hamda 2024 yilda amalga oshiriladigan aniq reja va vazifalar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar soliq tizimi xodimlari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latovning tizimda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, joriy yil rejalari yuzasidan axboroti tinglandi.
Boshqarma boshlig‘i mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar soliq tizimida ham o‘zining yorqin samaralarini berayotganini, o‘tgan 2023 yilda “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyiliga ko‘ra yangicha – “tadbirkorbay” tizimi asosida manzilli ishlar olib borilganligini alohida ta’kidladi.
Ushbu yangi ish usubining qo‘llanilishi natijasida byudjet daromadlariga belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi. Viloyatda 2023 yil uchun byudjet daromadlariga belgilangan 2 trillion 517 milliard so‘mlik prognoz 2 trillion 892 milliard so‘mga, ya’ni 115 foizga bajarildi.
Jizzax viloyatida 2024 yil 1 yanvar holatiga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilar soni 7 ming 499 nafarga yetdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 910 nafarga, ya’ni 114 foizga o‘sgan.
[gallery-15573]
Faoliyat ko‘rsatayotgan QQS to‘lovchilar tomonidan o‘tgan yil davomida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan QQS salbiy farq summasini (ortiqcha to‘lov) qoplab berish bo‘yicha soliq to‘lovchilar tomonidan yuborilgan 120 ta holatdagi arizalar ijobiy deb topilib, 162 milliard 600 million so‘m QQSning ortiqcha to‘lov summalari ularning hisob raqamlariga qaytarib berilgan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 26 dekabrdagi “Mahalla byudjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2023 yil 1 yanvaridan boshlab Zomin tumanida jismoniy shaxslar mol-mulk hamda yer soliqlari (noturar joylar bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi tuman byudjetlari orqali tegishli jamg‘armalarga yo‘naltirilishi belgilangan.
Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2024 yil 1 yanvardan barcha mahallalarga jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlari (noturar joylar bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi tegishli jamg‘armalarga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi.
Prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlashda soliq qarzdorligini undirish asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Soliq organlari tomonidan 2023 yilda 229 milliard 200 million so‘m soliq qarzdorligi hisobiga 3 ming 439 ta mol-mulk xatlovga olinib, buning natijasida 178 milliard 300 million so‘m soliq qarzdorligi undirildi.
Bundan tashqari, Majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limlariga soliq qarzdorligini mol-mulki hisobidan undirish to‘g‘risida 321 milliard so‘mlik 22 ming 596 ta soliq organlari qarorlari yuborilib, ushbu qarorlarga asosan MIB bilan hamkorlikda 188 milliard 400 million so‘mlik soliq qarzdorligi undirildi.
– Yashirin iqtisodiyot bo‘yicha viloyatimizda o‘tgan yilda bank hisob raqamlari orqali yirik miqdorda pul aylanmalari harakatini hamda faoliyatida shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 29 ta tadbirkorlik sub’ekti aniqlandi, – dedi Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latov o‘z axborotida. – Ushbu tadbirkorlik sub’ektlari EHF orqali 125 milliard 500 million so‘mlik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasini hamda 578 milliard 6 million so‘mlik tovar (ish, xizmatlar) xaridini amalga oshirgan.
Ushbu tadbirkorlik sub’ektlarining yuridik manzilida mavjudligi o‘rganilganda, 13 ta tadbirkorlik sub’ekti ko‘rsatilgan yuridik manzilida mavjudligi, 16 ta tadbirkorlik sub’ekti ko‘rsatilgan yuridik manzilida mavjud emasligi aniqlangan. O‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasi bo‘yicha faoliyatida yashirin iqtisodiyot bilan shug‘ullanish ehtimoli yuqori bo‘lgan hamda faoliyatida shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 18 ta tadbirkorlik sub’ekti bo‘yicha tekshirish hujjatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Aylanma solig‘i to‘lovchi bo‘lgan 574 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi 15 milliard 800 million so‘m tovar aylanmasini amalga oshirib, 588 nafar (atigi 1-2 nafardan) ishchi rasmiylashtirgan. QQS to‘lovchi 60 ta UOSH 69 milliard 800 million so‘m tovar aylanmasi bo‘lib, 545 nafar (o‘rtacha 8-10 nafardan) ishchi- xizmatchi rasmiylashtirgan. Shundan ko‘rinib turibdiki, aylanma solig‘i to‘lovchisi hisoblangan UOSHlarda yashirish iqtisodiyot bilan shug‘ullanish, soliqdan qochish mexanizmi mavjud.
Viloyat soliq tizimi xodimlari tizimda 2024 yil uchun byudjet daromadlariga belgilangan 2 trillion 100 milliard so‘mlik prognoz ko‘rsatkichlarini 2 trillion 400 milliard so‘mga bajarish bo‘yicha o‘z oldilariga aniq maqsad va vazifalar qo‘ydi. Prognoz ko‘rsatkichlari ana shunda 115 foizga bajariladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari