Soliq qarzi — kechiktirib bo‘lmas majburiyat
Majburiy ijro byurosining Yangihayot tuman bo‘limi ish yurituviga Toshkent shahar soliq boshqarmasining qaroriga asosan, qarzdor “U.V.M.” MCHJdan davlat foydasiga jami 1 milliard 290 million so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Shundan so‘ng, qonunchilikka muvofiq qarzdorga ijro ishini qo‘zg‘atish haqida qaror yuborilib, ixtiyoriy tartibda qarzni qoplash uchun imkoniyat berilgan. Biroq, belgilangan muddatda qarzdor tomonidan to‘lov amalga oshirilmagani sababli, majburiy ijro choralari qo‘llanildi.
Ijro harakatlari davomida qarzdor korxonaning hisobraqamlariga band solinib, mol-mulki xatlandi. Jumladan, korxonaga tegishli bo‘lgan 4 dona "Kamaz" rusumli avtotransport vositalari va tirkamalari xatlanib, muhrlandi hamda jarima maydoniga joylashtirildi.
Hozirgi kunda mazkur mol-mulklarni realizatsiya qilish orqali qarzdorlikni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
Ushbu holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, soliq qarzdorligini o‘z vaqtida to‘lash — har bir tadbirkor va tashkilotning qonuniy burchi. Aks holda, qarz miqdori oshib borishi, hisobraqamlarining bloklanishi, mol-mulklarning xatlanishi va hatto auksion orqali sotuvga chiqarilishi kabi noxush oqibatlarga olib keladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA