Soliq qarzdorligi undirilmoqda
Ular qarzdor korxonalarning mol-mulklarini xatlovga olayotir. Yuzaga kelgan qarzni undirish choralarini koʻrmoqda.
Surxondaryo viloyatida oʻz vaqtida toʻlanmagan soliq qarzdorligini undirish uchun Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlaridan iborat ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.
Ular qarzdor korxonalarning mol-mulklarini xatlovga olayotir. Yuzaga kelgan qarzni undirish choralarini koʻrmoqda.
Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Anhor” fermer xoʻjaligi soliq toʻlovlaridan 33 million soʻmlik qarzini toʻlamasdan paysalga solib kelayotgan edi. Ishchi guruh xoʻjalikning soliq qarzini undirish maqsadida unga tegishli “Captiva” rusumli avtomashinasini xatlovga oldi. Shundan soʻng fermer vaqtni koʻp ham choʻzmasdan tegishli mablagʻni topib, soliq qarzdorligini toʻliq toʻladi. Shuningdek, mazkur tumandagi “Guliston MNZ” fermer xoʻjaligining 10 million soʻm, “Musurmon Allayorov” fermer xoʻjaligining 6 million 100 ming soʻm soliq qarzdorligi uchun fermerlarning “Captiva” rusumli avtomashinalari xatlangach, ikkala fermer ham bir zumda soliq qarzlarini naqd pul koʻrinishida toʻladi.
Shoʻrchi tumanidagi tadbir chogʻida “Zuxriddin-Zaxriddin” masʼuliyati cheklangan jamiyati soliq toʻlovlarini toʻlash imkoniyatiga ega boʻla turib, 102 million soʻmlik soliq qarzini toʻlamay kelayotgani aniqlandi. Oqibatda korxonaga tegishli “SHACMAN” rusumli yuk avtomashinasi xatlovga olindi. Ayni paytda korxonaning davlat oldidagi majburiyatini bajarish uchun avtomashinani belgilangan tartibda sotish choralari koʻrilmoqda.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasidan maʼlum qilishlaricha, joriy yilning oʻtgan davrida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan iqtisodiy sudlar hamda davlat soliq organlarining qarorlariga asosan jismoniy va yuridik shaxslardan jami 141 milliard 885 million soʻm soliq qarzdorligini undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari tamomlanib, 71 milliard soʻm mablagʻ undirilishi taʼminlandi. Birgina avgust oyining oʻtgan davrida vohadagi 610 ta qarzdor korxonaning mol-mulki xatlanib, 18 milliard 500 million soʻmlik soliq qarzdorligi undirildi.
Ishchi guruhning hamkorlikdagi nazorat tadbirlari davom etmoqda.