“Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 mlrd. so‘m mablag‘lar “Keshbek” sifatida talon-toroj qilingan
Andijon viloyatida “Soliq Mobile” ilovasi orqali davlat byudjetidan 35,1 milliard so‘m mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirish holati aniqlandi.
Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruvlarda 6 nafar fuqaro va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib, bir nechta mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni (MCHJ) tashkil etgani aniqlangan.
Ular korxonalar o‘rtasida amalda hech qanday moliyaviy operatsiyalar bo‘lmaganiga qaramay, kompyuter texnikalari yordamida 2026-yilning mart–aprel oylarida jami 1,1 trillion so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan.
Shuningdek, gumonlanuvchilar savdodan tushgan mablag‘larni onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingan ko‘rinishda aks ettirib, mahsulotlar go‘yoki fuqarolarga sotilgani haqida xarid cheklarining sun’iy ravishda shakllantirilishini ta’minlagan.
Shuningdek, gumonlanuvchilar savdodan tushgan mablag‘larni onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingan ko‘rinishda aks ettirib, mahsulotlar go‘yoki fuqarolarga sotilgani haqida xarid cheklarining sun’iy ravishda shakllantirilishini ta’minlagan.
Natijada 100 ming 458 nafar fuqaro nomidan “Soliq Mobile” ilovasi orqali keshbek mablag‘lari hisoblangan va davlat byudjetidan jami 35,1 milliard so‘m noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgan.
Tekshiruv davomida Andijon viloyati soliq boshqarmasining ayrim mas’ul xodimlari ham xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani aniqlangan.
Xususan, shubhali operatsiyalar va katta hajmdagi hisob-fakturalar rasmiylashtirilganiga qaramay, korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli axborotlarni taqdim etish choralari ko‘rilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda hujjatlarni qalbakilashtirishga oid moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlarini olib borish uchun ish prokuratura organlariga yuborilgan.
Hamroz Bayonov, O‘zA