Sohibqiron merosi – vatanparvarlik va birdamlik maktabi
Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan bir paytda, uning boy ma’naviy merosi va ibratli hayot yo‘lini targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Zero, Sohibqironning jasorati, davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyati hamda harbiy san’atdagi betakror mahorati bugungi avlod uchun ham ulkan ibrat maktabidir.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi tadbirlardan biri Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi va viloyat chavandozlar maktabi hamkorligida tashkil etildi. “Biz kim – Mulki Turon farzandlari” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur sport va ma’naviy-ma’rifiy musobaqalar bojxona organlari xodimlarini birlashtirib, ularning jismoniy va intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazishga xizmat qildi.

Musobaqada viloyat bojxona boshqarmasining “Olot”, “Buxoro aeroporti” chegara bojxona postlari, “TIF” bojxona postlari hamda boshqarma apparati xodimlaridan shakllangan jamoalar ishtirok etdi. Ishtirokchilar ikki bosqichdan iborat bellashuvlarda faol qatnashib, o‘z bilim va mahoratini namoyon etdi.

Dastlabki bosqichda jamoalar Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning davlat boshqaruvidagi o‘rni, harbiy yurishlari hamda “Temur tuzuklari” asari yuzasidan tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinda ishtirok etdi. Unda qatnashchilar nafaqat bilimlarini, balki tezkor fikrlash va tahlil qilish qobiliyatlarini ham namoyon etdi. Ayniqsa, tadbirga mehmon sifatida jalb etilgan Buxoro shahridagi 30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchi-yoshlarining faol ishtiroki tadbirga alohida mazmun baxsh etdi.

Bellashuvning ikkinchi bosqichi esa jismoniy tayyorgarlikka bag‘ishlandi. Unda Sohibqiron davriga xos milliy sport turlari – kamondan o‘q otish, milliy kurash, arqon tortish va ot choptirish kabi musobaqalar o‘tkazildi. Bu sinovlar ishtirokchilarning nafaqat kuch-g‘ayrati, balki matonati, irodasi va jamoaviy hamjihatligini ham yaqqol namoyon qildi.


Bunday tadbirlar orqali ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularni yosh avlodga yetkazish imkoniyati yanada kengayadi. Ayniqsa, davlat xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan bu kabi musobaqalar ularda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlab, xizmatga bo‘lgan mas’uliyat va sadoqatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbir nafaqat sport musobaqasi, balki ma’naviy tarbiya, milliy o‘zlikni anglash va jamoaviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilgan muhim tashabbus sifatida e’tiborga loyiqdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.