Sog‘lom turmush tarzi – bugungi davr talabi
Munosabat
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi 67-maqsadida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadigan fuqarolar sonini oshirish ko‘zda tutilgan. Bugun ana shu maqsad yo‘lida jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadbirlar Prezidentimizning 1 aprel kuni yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar bilan yanada qizg‘in tus oldi.
Strategiyada kelgusi besh yillikda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi ulushini 33 foizga yetkazish, yoshlar o‘rtasida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini ommalashtirish, shuningdek, xalqaro va milliy olimpiada sport o‘yinlarini o‘tkazish maqsad qilingan.
Bu yo‘nalishda bizning universitet, xususan, Xalqaro kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi ham bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bunda, albatta, Olimpiya harakatini rivojlantirishga doir belgilangan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydonlari, mingdan ortiq fitnes zallari mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yo‘laklari” va velosiped yo‘llari tashkil etildi.
Mana shu raqamlarning o‘zi ham mamlakatda sport tobora ommalashib borayotganidan dalolat.
Bugun har bir mahallada piyodalar va velosipedchilar uchun maxsus yo‘laklar, bolalar sport maydonchalari qurilganiga guvohmiz. Birgina salomatlik yo‘laklarining hayotimizda tutgan o‘rni ham nihoyatda muhim. Bundan to‘rt-besh yil avval tongda turib yugurish uchun qulay muhit, zarur sharoit yo‘q edi. Velosipedda sayr qilish uchun esa xavfsiz, tinch joy topolmas edik.
Sir emas, jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham aholining sog‘lig‘i, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi. Bu infeksiya, avvalo, yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari hamda semizlik kasalligiga chalingan fuqarolarimiz sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada pandemiya ko‘plab fuqarolarning dunyodan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.
Barchamiz bundan jiddiy xulosa qilgan holda zararli odatlardan voz kechib, ommaviy sport bilan doimiy shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilish, xususan, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini me’yoridan ortiq iste’mol qilmaslik, bir so‘z bilan aytganda, sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotimizga aylantirish zarur ekanini bugungi davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Shularni hisobga olgan holda, kafedramiz professor-o‘qituvchilari talabalar bilan ishlashda hayotiy yondashuvlarni o‘rgatishga intilmoqda. Bu ham hayotda sog‘lom bo‘lish, kelajakda bitiruvchilarimiz bo‘lajak chempionlarni munosib tarbiyalashga xizmat qiladi.
Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z sohasining ustasi bo‘lgan insonlarga bog‘liq. Shu bois mamlakatimizda aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Albatta, bizning faoliyatimiz bevosita xalq ta’limi tizimi bilan bog‘liq. Shu ma’noda, Prezidentimiz joriy yil 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda tizim faoliyatini yanada jonlantirish borasida g‘oyat muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Endi biz ham ushbu vazifalar ijrosiga kirishamiz. Shu maqsadda o‘zimiz uchun muhim yo‘nalishlarni belgilab oldik.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda boshlangan ta’lim, sport va ilm-fan yo‘nalishidagi islohotlar ertaga ming hissa samarali bo‘lib qaytishi shubhasiz.
Shuhrat ARSLONOV,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport
universiteti Xalqaro kurash turlari
nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri.
O‘zA