Sog‘lom inson – kuchli davlat
Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi yurtimizning 35 yillik taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish, erishilgan ulkan natijalarni tahlil etish va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab olish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi. Davlatimiz rahbari nutqida inson qadri, uning huquq va erkinliklari, farovon va munosib hayot kechirishi Yangi O‘zbekiston siyosatining bosh mezoni ekanini yana bir bor alohida ta’kidladi.
Ayniqsa, aholi salomatligini muhofaza qilish va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasiga alohida urg‘u berilgani diqqatga sazovordir. Zero, inson qadri haqida so‘z borganda, avvalo, uning hayoti va salomatligini asrash, kasalliklarning oldini olish, zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bevosita “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oyaning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, keyingi yillarda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 8 karradan ziyod oshirildi. Bu esa tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish, malakali mutaxassislar tayyorlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati nafaqat poytaxt va yirik shaharlarda, balki mamlakatning barcha hududlarida yaratilmoqda.
Nutqda keltirilgan raqamlar sohadagi o‘zgarishlarning ko‘lami va natijadorligini yaqqol namoyon etadi. O‘tgan davrda mamlakatimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etildi. Xususiy sektorga keng imkoniyatlar yaratilishi natijasida tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Bu, bir tomondan, tibbiyot sohasida raqobat muhitini kuchaytirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning turi, sifati va qamrovini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Zamonaviy tibbiyotning eng muhim talabi — yuqori malakali kadrlar va ilg‘or texnologiyalar uyg‘unligi. Shu ma’noda, yurtimizda yuqori malakali shifokorlarni tayyorlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish va mehnat qilishi uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyatga ega. Ilgari xorijiy davlatlarda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullarining bugun O‘zbekistonda ham mukammal bajarilayotgani milliy tibbiyotimizning salohiyati tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning eng muhim samarasi esa inson umri va salomatligi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘ladi. Prezident nutqida qayd etilganidek, mamlakatimiz aholisining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgan. Go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichining 4 barobar kamayishi ham tibbiy xizmat sifati, profilaktika ishlari, ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimida amalga oshirilgan islohotlarning muhim natijasidir.
Bugungi kunda tibbiyotni faqat kasallikni davolash bilan cheklab bo‘lmaydi. Zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimi profilaktika, erta tashxis, sog‘lom turmush tarzi, tibbiy madaniyatni yuksaltirish va inson salomatligini butun umri davomida muhofaza qilishga qaratilgan yaxlit tizimni taqozo etadi. Shu bois aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, tibbiy savodxonlikni oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Ayni paytda tibbiyot sohasida raqamlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ham kelgusida ulkan imkoniyatlarni ochib beradi. Tashxis qo‘yish jarayonini tezlashtirish, tibbiy ma’lumotlarni yagona tizimda yuritish, masofaviy tibbiy xizmatlarni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali aholiga yanada qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati kengayadi. Prezident nutqida ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar taraqqiyotning hal qiluvchi omili sifatida qayd etilgani tibbiyot uchun ham muhim strategik vazifalarni belgilab beradi.
Shu o‘rinda tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnatini alohida e’tirof etish lozim. Shifokor, hamshira va boshqa tibbiyot mutaxassislarining inson hayoti va salomatligini asrash yo‘lidagi mashaqqatli mehnati jamiyat uchun beqiyos ahamiyatga ega. Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan sog‘liqni saqlash sohasi vakillarining davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ham ularning jamiyat hayotidagi yuksak o‘rni va xizmatlariga berilgan munosib bahodir.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan nutqida sog‘liqni saqlash sohasiga oid bildirilgan fikrlar yurtimizda inson salomatligi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor namoyon etdi. Erishilgan natijalar bilan birga, oldimizda tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, hududlarda zamonaviy tibbiyot imkoniyatlarini kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash, profilaktika va erta tashxis tizimini takomillashtirish kabi muhim vazifalar turibdi.
Zero, sog‘lom inson — sog‘lom oila, sog‘lom jamiyat va kuchli davlat asosi. Shu ma’noda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tibbiy islohotlarning bosh maqsadi ham bitta — inson hayotini asrash, uning salomatligini muhofaza qilish va har bir fuqaroga munosib hayot kechirish uchun zarur sharoit yaratish. Bu esa Yangi O‘zbekistonning insonparvar taraqqiyot yo‘lidagi eng muhim mezonlaridan biridir.
Gafur Sultanov,
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filiali direktori