Sog‘lom avlod uchun ovoz berdim
Jonajon Vatanimiz, uning gullar diyori bo‘lmish Namangan shuhratini oshirishga hissa qo‘shayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz safida O‘zbekiston Qahramoni, o‘z mehnati bilan dong taratgan mohir shifokor, ko‘pchilikka o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan Oyshaxon Qo‘chqorova parlament va mahalliy Kengash deputatligi uchun saylovda ishtirok etish uchun Namangan shahridagi 23-saylov uchastkasiga oila a’zolari bilan birga tashrif buyurdi.
Tibbiyot sohasida uzoq yillik katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Oyshaxon Qo‘chqorova salkam yarim asrlik ish faoliyati davomida Namangan shahar tug‘ruq majmuasi va viloyat markaziy tug‘ruqxonasida (Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filiali) fidokorona mehnat qildi.


– Bugun har bir fuqaroning tanlovi Yangi O‘zbekistonimizning ertangi farovon turmushini ta’minlashga hissa qo‘shishi kerak, – deydi Oyshaxon Qo‘chqorova. – Saylov uchastkasiga kelib, xalqimiz farovonligi, mamlakatimizni yanada rivoj topishi, onalik va bolalikni muhofazasi uchun qayg‘uradigan, o‘zim munosib ko‘rgan nomzodlarga ovoz berdim. Barcha yurtdoshlarimiz, hamkasblarimiz, nuroniylar va mahalla faollarini saylovda konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘laqonli foydalangan holda, faollikka chorlayman.


Uchastka saylov komissiyasi raisi Rivojiddin Tursunovning ma’lum qilishicha, Namangan xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi binosida joylashgan 23-saylov uchastkasida 2773 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Shundan 70 yoshdan oshgan otaxon, onaxonlar soni 87 nafarni tashkil etadi. Ushbu faxriylar saylov jarayonlarida faollik ko‘rsatayotganliklarini ta’kidlash joiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.