Sog‘liqni saqlash vaziri: "Korrupsiyaga moyil xodimlarga safimizda joy yo‘q"
Toshkent davlat tibbiyot universitetida Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligida joylarda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda vazirlik mas’ullari, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari va Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari hamda tizim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida birlamchi tibbiyot tizimi samaradorligini oshirish, tajriba-sinov hududlarida kadrlar ta’minoti, bemorlar marshrutizatsiyasi, tibbiyot muassasalarida dori vositalari zaxirasi, yuqori texnologiyali diagnostika vositalaridan samarali foydalanish, onalik va bolalik muhofazasi, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish kabi qator masalalar tahlil qilindi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyati bilan bog‘liq muammolar muhokama etildi.

Xususan, sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilinayotgan tajriba-sinov hududlarida hanuz shifokorlar vakant ish o‘rinlari mavjudligi tanqid ostiga olindi. Masalan, Denov, G‘allaorol, Sirdaryo, Kattaqo‘rg‘on va Urgut tumanlarida ko‘rsatkichlar yuqori.
Oilaviy poliklinikalarda o‘rta tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritishi belgilangan bo‘lsa-da, G‘ijduvon, Xatirchi tumanlari va Yangiyo‘l shahrida bu talablarga to‘liq amal qilinmagan. Qolaversa, ba’zi hududlarda oilaviy shifokorlar tomonidan bemorlarni tor soha mutaxassislariga asossiz yo‘naltirish holatlari uchramoqda.

Ayrim shifoxonalarda yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanilmayapti.
"Infarkt va insultga qarshi kurashish" milliy dasturini tajriba-sinov tariqasida joriy etishda ham ba’zi hududlarda va tibbiyot muassasalarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, qator tibbiyot muassasalarida shoshilinch qabul bo‘limlari xalqaro va milliy standartlar talablariga to‘liq javob bermasligi aytib o‘tildi. Sarflov materiallarining nomutanosib taqsimlanishi, ularga bo‘lgan real ehtiyojni rejalashtirishda tizimli xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarida sanitariya talablariga rioya etish, davolash-profilaktika muassasalarini raqamlashtirish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.
O‘z navbatida, aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari rahbarlarining axborotlari tinglandi.

– O‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgan hech bir rahbar kechirilmaydi, – dedi vazir. – Xalqimiz va Prezidentimiz bildirgan ishonchni oqlash uchun, avvalo, ishga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishimiz kerak. Zimmasidagi mas’uliyatni his qilmaydiganlar bilan xayrlashamiz. Korrupsiyaga moyil xodimlarga ham safimizda joy yo‘q.
Tadbir yakunida aniqlangan xato va kamchiliklar bo‘yicha qator mas’ullar ogohlantirildi. Muammoli masalalarni qisqa muddatda hal etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA