Sog‘lom bola – yurt kelajagi
Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishda sportning o‘rni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlar o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish, ularning sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishda sportning o‘rni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlar o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish, ularning sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Bunda, ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etayotir. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan har yili ko‘plab zamonaviy va muhtasham sport inshootlari qad rostlamoqda, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida turli musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Jamg‘armaning Navoiy viloyati filiali ham sportning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sport inshootlari qurish va ulardan samarali foydalanish, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida musobaqalar tashkil etish yuzasidan aniq dasturlar asosida ish olib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2003-2014-yillarda jamg‘armaning 49,7 milliard so‘mlik mablag‘i hisobidan viloyatda yuzga yaqin bolalar sport inshooti qurilgan.
Joriy yilda viloyatda oltita bolalar sport inshooti qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ishlar yakuniga yetkazilmoqda. Jumladan, Uchquduq tumanida 5-TIP bolalar sport majmuasi, Qiziltepa tumanidagi 28-umumta’lim maktabi, Karmana tumanidagi 19-umumta’lim maktabi, Konimex tumanidagi 10-umumta’lim maktabi va Xatirchi tumanidagi 34-umumta’lim maktabida sport zallari hamda Navbahor tumanidagi yopiq suzish havzasi bolalarning sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Bugungi kunda viloyatdagi 2 ming 493 sport seksiyasida 58 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz o‘zlari qiziqqan sport turi bilan shug‘ullanmoqda. Ularning 26 mingga yaqini qizlar ekani e’tiborga sazovor. Shuningdek, 16 bolalar va o‘smirlar sport maktabida qariyb 13 ming 100 nafar o‘g‘il-qiz sportning 25 turi bilan muntazam shug‘ullanayotir. Ushbu maktablarda yosh sportchilarni tayyorlash va tarbiyalash uchun barcha sharoit yaratilgan. Malakali mutaxassislar murabbiyligida bo‘lajak sportchilar bilan ishlashning o‘ziga xos uslublari qo‘llanilayotir. Xususan, Navoiy shahridagi 5-bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida salmoqli yutuqlarga erishdi.
– Asosiy vazifamiz bolalarni sportga yanada keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iborat, – deydi maktab direktori To‘ymurod Adizov. – Ayni paytda maktabimizda 900 nafardan ziyod bola kurashning 6 turi bo‘yicha shug‘ullanmoqda. Ular mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilda Hasan va Husan Rahimovlar o‘smirlar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha 100 hamda 85 kilogramm vazn toifasida Bosniya va Gersegovina davlatida o‘tkazilgan jahon chempionatida mamlakatimiz terma jamoasi hisobiga kumush medallarni qo‘shib qo‘ydi. AQShda kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ishtirok etgan erkin kurashchimiz Ixtiyor Navro‘zov 65 kilogramm vaznda kumush medalga sazovor bo‘lib, 2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Bolalar sportini rivojlantirish borasidagi bu kabi sa’y-harakatlar farzandlarimizning jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib kamolga yetishiga xizmat qilishi barobarida, iste’dodli sportchilarni kashf etish hamda ularning xalqaro maydonlarga chiqishiga yo‘l ochishi shubhasiz.