Sodda, ravon va samimiyatga yo‘g‘rilgan asar
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli publitsist Ismat Xushevning «Oqlanmagan ishonch qissasi» nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Keng jamoatchilik, yozuvchi, shoirlar va publitsistlar ishtirok etgan mazkur tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib, bugungi kunda adabiyot sohasida ijodkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida Ismat Xushev bilan ishlagan davrlarini eslab, jurnalistning ko‘targan dolzarb mavzularini alohida e’tirof etdi.
Ushbu kitob biografik sarguzasht yo‘nalishda yozilgan bo‘lib, unda ziddiyatli voqea-hodisalar, ayrim taniqli siymolar taqdiri sodda, ravon va samimiy tarzda tasvirlangan.

Bu hujjatli-badiiy qissaning bosh qahramoni muallifning o‘zi. Unda adib hayoti va ijodiy faoliyatida ko‘rgan-kechirganlarini badiiy bo‘yoqlarda ifoda etadi.
Ismat Xushev qalamiga mansub ushbu kitob Anvar Ikrom muharrirligida, “Vodiy Media” nashriyotida chop etilgan.
Dilobar MAMATOVA, O‘zA