“So‘g‘diyona”ning g‘alabasi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining sakkizinchi turida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi Toshkentning “Bunyodkor” klubi ustidan g‘alaba qozondi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining sakkizinchi turida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi Toshkentning “Bunyodkor” klubi ustidan g‘alaba qozondi.Zominda o‘tgan uchrashuv boshidanoq jizzaxlik charm to‘p ustalari hujumkor o‘yin namoyish etib, raqib darvozasi oldida bir necha marta xavfli vaziyatni yuzaga keltirdi. O‘yinning 53-daqiqasida hisobni ochgan “So‘g‘diyona” jamoasi a’zosi Jasur Hakimov oradan o‘n ikki daqiqa o‘tib, “Bunyodkor” darvozasiga ikkinchi to‘pni kiritdi. Uchrashuv yakunlanishiga to‘qqiz daqiqa qolganda Shaker Zuagi hisobni qisqartirishga muaffaq bo‘ldi. Shu tariqa “So‘g‘diyona” jamoasi o‘z maydonida 2:1 hisobidagi g‘alabaga erishdi.
Toshkentda o‘tkazilgan “Lokomotiv” va “Andijon” (Andijon) jamoalari o‘rtasidagi bahs “temiryo‘lchilar”ning g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvning 38-daqiqasida Sanjar Shoahmedov hisobni ochgan bo‘lsa, 72-daqiqada Salim Mustafoyev raqib darvozasiga ikkinchi to‘pni kiritdi.
Bekobodning “Metallurg” jamoasi o‘z maydonida “Paxtakor” klubiga (Toshkent) 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. “Paxtakor” a’zosi Bahodir Pardayevning ikkita goliga mezbonlar vakili Murod Toshmatov bir marta javob qaytardi.
G‘uzorda o‘tgan “Sho‘rtan” va “Olmaliq” (Olmaliq) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 3:3, Namangandagi “Navbahor” va “Nasaf” (Qarshi) jamoalari o‘rtasidagi bahsda 1:1 hisobidagi durang natija qayd etildi.
Sakkizinchi turning qolgan o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Neftchi” (Farg‘ona) – “Dinamo” (Samarqand) 3:1, “Mash’al” (Muborak) – “Buxoro” (Buxoro) 2:2, “Qizilqum” (Navoiy) – “Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) 3:1.