Siz uchun Navro‘z qanday bayram hisoblanadi?
Navro‘z bayrami arafasida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi «O‘zbekiston fuqarolari Navro‘z bayrami haqida» mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi, uning asosiy maqsadi fuqarolarning ushbu voqeaga munosabatini, ularning orzu-umidlari va ijtimoiy kayfiyatini aniqlashdan iborat bo‘ldi.
Bahor millionlab kishilar uchun eng sevimli fasllardan biri hisoblanadi, zero, bahorda tabiat uyg‘onadi, yangilanadi, atrof-borliq betakror go‘zal tusga kiradi. Navro‘z (ya’ni «Yangi kun») – astronomik bahorning birinchi kuni va tabiatning uyg‘onishini anglatadi. Bayramning ruhi va falsafasi ham turli avlodlar o‘rtasida, ham barcha oilalarda tinchlik va hamjihatlik, insonning tabiat bilan birlashuvi, shuningdek, murosasozlik, yaxshi qo‘shnichilik qadriyatlarini targ‘ib qiladi, bu esa madaniy xilma-xillikni saqlash va odamlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi. 2009 yilda Navro‘z ko‘plab xalqlarning madaniy an’anasi sifatida YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
O‘tkazilgan so‘rov Navro‘z o‘zbekistonliklar uchun eng sevimli va ardoqli bayramlardan biri, uni intiqlik bilan kutishadi va u bilan quvonchli orzu-umidlar bog‘lanadi, deb ta’kidlash imkonini beradi.
«Siz uchun Navro‘z qanday bayram hisoblanadi?» degan savolga javoblarida respondentlar: Navro‘z, bu – yoshi, yashash joyi, ma’lumot darajasi va kasbidan qat’i nazar, o‘zbekistonliklarni birlashtiradigan umummilliy bayram, deya ta’kidlashdi. Navro‘zni mamlakatimiz aholisi g‘oyat xush ko‘radi va shu ma’noda Navro‘z, bu – tinchlik va totuvlik timsolidir. O‘zbekistonliklarning fikriga ko‘ra, Navro‘z – bahorgi teng kundir, undan Yangi yil, ayni paytda tabiat va jamiyat yangilanishining yangi bosqichi boshlanadi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘rov ishtirokchilari Navro‘zni, birinchi navbatda yaratuvchilik va tinchlik-xotirjamlik bayrami, deb hisoblashadi. Respondentlarning katta qismi uchun Navro‘z mehr-oqibat, insonparvarlik, do‘stlik va o‘zaro yordam ifodasidir.
Tadqiqot ishtirokchilarining ta’kidlashlaricha, Navro‘z O‘zbekistonda asrlar qa’rida paydo bo‘lib, bugungi kungacha saqlanib kelayotgan yorqin va o‘ziga xos udumlar bilan boyitilgan asosiy xalq an’analaridan biri hisoblanadi.
So‘rov davomida respondentlar Navro‘z ular uchun bolalikdan orziqib kutiladigan sevimli bayram ekanligini ta’kidladilar. Bayramdagi ijobiy va ko‘tarinki kayfiyat, yaqinlar va qarindosh-urug‘lar bilan uchrashuvlar, fusunkor shahar va qishloqlar, musiqa hamohangligidagi ko‘plab tadbirlar – bularning barchasi mamlakat aholisining yoshi kichigidan to ulug‘igacha Navro‘zni kundalik muammolarni bir dam unutib, bahorning kelishini tantanali qarshilash imkonini beradigan quvonchli kunga aylantiradi.
BAYRAMNI QANDAY NISHONLAYSIZ?
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning aksariyati (75,3%) bu yil Navro‘zni oila davrasida, eng yaqin va sevimli kishilar bilan o‘zaro muloqotda, sovg‘a-salomlar bilan, gina-kuduratlarni unutib nishonlashni rejalashtirmoqda.
O‘zbekistonda Navro‘zni nishonlashning muhim jihati mehmondorchilik hisoblanadi. Bu kun har bir xonadonda ko‘plab milliy taomlar tayyorlanadi va to‘kin dasturxon yoziladi. So‘rov ishtirokchilari bayramga allaqachon faol tayyorgarlik ko‘rayotganliklarini ta’kidlashdi: ular qarindosh-urug‘lar va yaqinlariga sovg‘alar, shuningdek, bayram dasturxoni uchun noz-ne’matlar xarid qilishmoqda, hasharda qatnashib, xonadonlari va yon-atrofni tartibga keltiradilar, butalar va gul ko‘chatlari ekishadi.
O‘zbekistonda Navro‘z har yili keng nishonlanadi. An’anaga ko‘ra, shahar va qishloqlarda musiqa, raqs, sportning milliy turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, askiyachilar ishtirokida xalq sayillari uyushtiriladi, shuningdek, bayram yarmarkalari tashkil etilib, sayil ishtirokchilariga xilma-xil mahsulotlar taklif etiladi.
Navro‘z bayrami doirasida O‘zbekistonda taniqli san’atkorlar, estrada ijrochilari va raqs guruhlari, sport ustalari, badiiy havaskorlik va folklor jamoalarining chiqishlari, hunarmandlar ko‘rgazmalari, shuningdek, kechki madaniy-ko‘ngilochar dasturlar rejalashtirilgan.
So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning katta qismi ommaviy tadbirlarda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Navro‘zni nishonlash uchun dam olish kunlari nazarda tutilganligi sababli, ko‘plab so‘rov ishtirokchilari uchun bu vaqtni tabiat qo‘ynida o‘tkazish, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent, Qo‘qon, Termiz kabi qadimiy shaharlarga sayohat qilish, diqqatga sazovor joylar va tarixiy maskanlarga tashrif buyurish, noyob me’moriy obidalar, madaniy yodgorliklar va tarixiy artefaktlar bilan tanishish, ona yurt go‘zalligidan bahramand bo‘lish uchun qo‘shimcha imkoniyat hisoblanadi.
NAVRO‘Z RAMZI
Ma’lumki, sumalak bayramning bosh ramzi bo‘lib, u bahorning boshlanishi, mo‘l-ko‘llik, sog‘lik, ezgulik va hamjihatlikni ifodalaydi. Undirilgan bug‘doydan tayyorlanadigan noyob taom – sumalak ko‘p ming yillardan buyon bayram dasturxonining asosiy bezagi hisoblanadi.
Sumalak pishirish jarayoni o‘zgacha bir marosim bo‘lib, u Navro‘zni nishonlashda alohida o‘rin tutadi. Sumalak pishirish zavqli yallalar, o‘yin-kulgi, hazil-mutoyibalar jarangi bilan ajralib turadi va tadqiqot natijalari ko‘rsatganidek, 65,7 foiz so‘rov ishtirokchilari bu yil sumalak pishirishda shaxsan ishtirok etish niyatida.
Respondentlarning ta’kidlashicha, sumalak pishirish ular uchun yoru do‘stlar, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar bilan muloqot qilish, ular bilan bahor tarovatini baham ko‘rish imkoniyatidir.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, aksariyat o‘zbekistonliklar (74,3%) Navro‘zni quvonchli bayram hissidan zavqlanib, rohatlanib kutib olishadi. So‘rov davomida respondentlar bayram kunlari yangi kuch-g‘ayratga, shijoatga to‘lib-toshishlariga e’tibor qaratib, jismu jonlarida uyg‘onish, yangilanish va ma’naviy ko‘tarinkilik hissi ustuvor bo‘lishini bayon qildilar.
So‘rov natijalariga ko‘ra, aksariyat o‘zbekistonliklar Navro‘zni o‘zgacha kun deb hisoblab, uni o‘ziga xos his-tuyg‘ular uyg‘otadigan o‘ta muhim bayram sifatida ta’rifladilar.
So‘rovning mantig‘ida Navro‘zning o‘zbekistonliklar uchun muhimligi sababini aniqlash nazarda tutilgan edi.
Aksariyat so‘rov ishtirokchilari uchun Navro‘zni nishonlash eng qadimiy milliy an’ana hisoblanadi. Bugun ko‘p asrlar ilgari bo‘lgani kabi Navro‘zni mamlakatimizning barcha mintaqalari aholisi avloddan-avlodga o‘tib, saqlanib qolgan va hozirgacha o‘zgarmasdan yetib kelgan bayram an’analari va urf-odatlariga rioya qilgan holda keng nishonlaydi. O‘zbekistonliklarning abadiy ma’naviy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qadimiy bayram xalqimizning milliy o‘zligi va madaniy ifodasining bir qismiga aylandi.
USHBU QUTLUG‘ KUNNING MUHIMLIGI NIMADA?
Ko‘plab ishtirokchilar Navro‘z bayramining mamlakat aholisi uchun o‘ta muhimligining yana bir sababi, uning bolalikda idrok etilishi bilan bog‘liqligini aytishdi, darhaqiqat, Navro‘z doimo oilalarda qarindosh-urug‘lar va do‘stu birodarlar bilan bayram dasturxoni atrofida tantanali ravishda nishonlab kelingan. Tadqiqot ishtirokchilari aynan Navro‘z jamiyatda hech bir bayramga o‘xshamagan, o‘zgacha quvonch va umid muhitini yaratishini ta’kidladi. Aynan shu kunlarda odamlar ma’naviy ko‘tarinkilikni his qilishadi, ularning istiqbolga, ertangi kunga va orzu-maqsadlar ro‘yobiga ishonchi ortadi.
Respondentlarning ta’kidlashicha, Navro‘z, bu – inson atrof-olam bilan o‘zining bir tanu bir jonligini yurakdan his qiladigan, insonning yaratuvchilik mehnati va tabiatning uyg‘onish bosqichlari o‘zaro uzviy bog‘liqligini dildan anglaydigan, ayniqsa, tabiat va uning boyliklariga nisbatan beadad mehr-muhabbat va hurmat bilan munosabatda bo‘lish zarurligini o‘ta chuqur his qiladigan payt.
Navro‘z bayrami arafasida odamlar ezgulikdan umid qilib, yangi rejalar tuzishadi va dildagi orzularning ijobatiga ishonadi. Bayram kunlarida mamlakat aholisi nafaqat tabiatdagi, balki jamiyat hayotining barcha sohalaridagi yangilanishlardan zavqlanadi.
O‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari Navro‘z har bir o‘zbekistonlik uchun qalban yaqin va aziz bayram, degan xulosaga kelishga imkon berdi. Zero, u o‘zbek xalqining o‘ziga xos tabiatini, unutilmas an’analari, donishmandligi va mehr-muhabbatini o‘zida mujassam etgan. Olingan ma’lumotlar shuni tasdiqlab turibdiki, mamlakat aholisi ushbu qadimiy bayram udumlariga rioya qilish xonadonlariga baxt-saodat, to‘kin-sochinlik va farovonlik, oila a’zolariga tinchlik-salomatlik va rohat-farog‘at keltirishiga inongan holda Navro‘z bayrami bilan bog‘liq barcha urf-odatlar va an’analarga mamnunlik bilan amal qiladi.
So‘rov ishtirokchilari uchun ushbu yorqin bayram serhosil o‘zbek zaminida bahor boshlanishining ifodasi bo‘lib, olamning betakror go‘zalligini kuylashi, insonga o‘zining tabiat bilan bevosita yaqinligi va ona yurtiga bo‘lgan muhabbatini anglash va his qilish imkonini berishi bilan, ayniqsa, qadrlidir.
Biz uchun tinchlik va totuvlik ramzi bo‘lmish Navro‘zning har bir oilada va butun jamiyatda hamjihatlik va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilishi, umuminsoniy qadriyatlarni yuksaltirishga hissa qo‘shishi, ayniqsa, muhim hisoblanadi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA