Siz kelmang, o‘zimiz boramiz
Bugun xalqning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish, qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan “Siz kelmang, o‘zimiz boramiz!” loyihasi doirasida viloyatning olis va chekka hududlariga borgan holda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Bunday xizmatlar orqali aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar o‘tkazilmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari joyida o‘rganilib aholining ariza, shikoyat va takliflarini o‘rganishda e’tiborsizlik, sansalorlik holatlari bartaraf etilmoqda. Bu esa, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirishga xizmat qiladi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan yetti oyda mavjud 22 ta Davlat xizmatlari markazlari tomonidan fuqarolarning yashash manziliga borgan holda jami 3 ming 95 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Eng ko‘p sayyor xizmatlar Bo‘stonliq, Bo‘ka, Chinoz tumanlari va Angren shaharlarida tashkil etildi. Tuman markazlaridan olis hududlarda tashkil etilgan 7 ta filial orqali esa bir yarim mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Sayyor xizmat davomida aholi bir qator yo‘nalishlar, jumladan, ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, bolalarni davlat bog‘chalariga qabul qilish bo‘yicha navbatga qo‘yish uchun ariza berish, pensiya va nafaqalar miqdori to‘g‘risida ma’lumotnoma berish, tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish va soliqdan qarzi bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot olish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanmoqda.
Shuningdek, sayyor xizmat davomida xizmatlarni markazlarga bormasdan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron tarzda olish ham targ‘ib qilinmoqda. Mazkur portal orqali murojaat qilgan shaxslarga markazga shaxsan borib to‘lanadigan to‘lovga nisbatan kamroq to‘lash imkoniyati, ya’ni imtiyoz berish orqali qulayliklar yaratilgan.
Bunday qulayliklardan samarali foydalanish esa fuqarolarimizning vaqti ham, mablag‘i ham tejalishiga xizmat qiladi. Qolaversa, davlat xizmatlari markazlaridagi navbat kutishlarning oldi olinadi.
“Siz kelmang, o‘zimiz boramiz!” Mazkur shior bilan markaz xodimlari fuqarolarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilishga yaqindan ko‘maklashmoqda.
A. Musayev, O‘zA