Siyosiy faollik saylovda bilinadi
Mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqea bo‘lgan saylovda xotin-qizlarning ishtiroki qanday bo‘ladi?
Mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqea bo‘lgan saylovda xotin-qizlarning ishtiroki qanday bo‘ladi? Partiyalarda ayollar faolligini oshirishga qanday e’tibor qaratilmoqda?
Jizzaxda Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi viloyat bo‘limida O‘zbekiston Respublikasidagi siyosiy partiyalarga O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining murojaati munosabati bilan siyosiy partiyalar viloyat kengashlari raislari va partiyalar “Ayollar qanoti” yetakchilari, faol xotin-qizlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish shu mavzuga bag‘ishlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasidagi siyosiy partiyalarga O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining murojaati o‘qib eshittirildi.
Yig‘ilishda ayollarning jamiyatdagi o‘rni, yurtimizda erishilayotgan yutuqlardagi hissasi qayd etilib, saylovlarda nafaqat ishtirokchi balki deputatlikka saylanishi mamlakatimiz ravnaqiga katta naf keltirilishi alohida ta’kidlandi.
– O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining murojaatida bugungi kundagi eng dolzarb masalaga nafaqat siyosiy partiyalarning, barchamizning e’tiborimiz qaratildi, – deydi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nazira Muxtorova. – Murojaatda “Ayol saylansa ham, ona Vatanining yuksalishi uchun, farzandlarining baxtu saodati uchun saylanganini, ovoz bersa ham, unib-o‘sib kelayotgan go‘daklarining oyoqqa turib, el koriga yarashi uchun, yurtida hayot bundan-da yaxshi bo‘lishi uchun ovoz berayotganini chin dildan anglovchi xilqatdir!”deyilganidek, xotin-qizlarning ushbu siyosiy jarayonda faol ishtiroki jamiyatimiz uchun muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun saylovda ayollarning faol ishtirokini ta’minlash uchun xotin-qizlar qo‘mitalari, boshlang‘ich tashkilotlarimiz tomonidan izchil, amaliy ish olib borilayotir.
Yig‘ilishda xotin-qizlarning saylovda faol ishtirokini ta’minlash, ularning nomzodlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.