Sirdaryoning sayyohlik manzillari
Shimoldan Qozog‘iston Respublikasi, sharqdan Toshkent viloyati, janubdan Tojikiston Respublikasi va g‘arbdan Jizzax viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Sirdaryoning ham sayyohlarni jalb etadigan go‘zal go‘shalari, tarixiy maskanlari bor.
Qadimgi yunon tarixchisi Arrianning „Iskandarning harbiy yurishlari“ asarida „Tanais“, „Yaksart“ nomi bilan atalgan hozirgi Sirdaryo, uning nomi bilan atalguvchi viloyat hududida Qashqadaryo va Samarqanddagidek qadimiy va tarixiy manzilgohlar unchalar ko‘p bo‘lmasa-da, Xovos tumanidan oqib o‘tuvchi Sho‘rbuloqsoyning quyi qismida Eski Xovos yodgorligi, Shirinsoyning quyi qismida Munchoqtepa yodgorligi bor.
Ahamiyatli tomoni, mazkur tepaliklar miloddan oldingi IV asrdan milodiy X asrga qadar qadimgi Farg‘ona, Choch (Toshkent) va So‘g‘dga boradigan savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan qulay va muhim manzilgoh bo‘lgan. Chorrahaning bir tarmog‘i Xovosdan Qurkad orqali Xo‘jand va Farg‘onaga, ikkinchi tomoni esa to‘g‘ri Choch daryosi – Sirdaryo kechuvidan so‘ng shimol tomon – Shohruhiya shahriga, undan Harashkentga, keyin Choch poytaxti Binkatga borgan.
Eng qizig‘i, arxeologlarning izlanishlari, mazkur tepalikda olib borilgan qazishmalari natijasida eramizdan avvalgi III-II asrga oid ma’buda – Anaxita haykalchasi, X-XI asrlarga oid tangalar, XII asrga oid Humo qushi tasviri tushirilgan chiroq dastasi, X-XI asrlarga taalluqli maxsus simob idishchasi, VII-VIII asrlarga oid idishlarda qo‘llanilgan muhrlar, xurmacha-ko‘zalar, naqshli idish-tovoq bo‘laklari, qopqoqlar va boshqa osori atiqalar topilgan. Bu esa, Sirdaryoga tashrif buyurgan kishini hayratga solmay qo‘ymaydi.
[gallery-21522]
Buning uchun ko‘p uzoqqa borish shart emas, "Ko‘hna Xovos» ziyoratgohi hamda «O‘lkashunoslik» muzeyiga bir bor bo‘lsa-da, tashrif buyurib, hudud tarixi to‘g‘risida ma’lumot beruvchi arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishib, u to‘g‘rida ko‘plab qiziqarli ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
2019-2020 yillar davomida bu yerda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, Xovos tumani “O‘lkashunoslik muzeyi” tashkil qilindi va izlanishlar davomida hududdan topilgan 7 mingdan ziyod osori- atiqalarning asosiy qismi bugungi kunda ushbu muzeyda saqlanmoqda.
“Buyuk ipak yo‘li”ning muhim manzilgohi bo‘lgan bugungi Xovos Sirdaryo viloyatining boy turistik imkoniyatiga ega hududlaridan biri sanalib, uning kamida 2500 yillik boy tarixi bor. Tarixchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Xovosda 28 ta tabarruk qadamjo bo‘lgan. Hozirgi kunga qadar ulardan 12 tasi saqlanib qolgan.
–Eski Xovostepa Ipak yo‘li chorrahasidagi muhim manzillardan biri bo‘lib, Sirdaryo viloyatining eng qadimiy manzilgohlari –Sirdaryo daryosi va tog‘ soylari bo‘yida bundan uch ming yil avval paydo bo‘la boshlagan,–deydi tarixchi olim, arxeolog Solijon Qudratov.–Ahamiyatlisi, bu hududda katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha muhim yodgorliklar qad rostlagan. Biri “Ko‘hna Xovos” ziyoratgohi va arxeologik yodgorliklardan iborat katta majmua. Uning umumiy maydoni 40 gektarni tashkil etadi.
Muhimi, mazkur tarixiy manzilda tadqiqot ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda va yaqin kelajakda qadimiy shahar vayronalari va bir qancha yodgorliklarni ochish rejalashtirilgan. Bu esa, bizga Ko‘hna Xovos, uning qadimiyligi to‘g‘risida qo‘shimcha, yangi ma’lumotlar taqdim etsa, ajabmas.
Ko‘hna Xovosga tashrif buyurgan sayohatchilar Xasti Buzrugon maqbarasi, Sa’du Sayyid masjidi, Bibi Ocha maqbarasi, Yusuf bobo maqbarasi, Sa’du Sayyid masjidi, Sherbobo maqbarasi kabi qator tarixiy qadamjolarni ziyorat etishi, Xovosdagi o‘zgarishlarni kuzatib, uning boy va qiziqarli tarixi bilan tanishishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri