Sirdaryolik xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatildi
Guliston shahridagi "Zomin" tantanalar uyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlarida samarali mehnat qilayotgan, nafaqat faoliyati, balki hayot tarzi bilan boshqalarga ibrat, namuna bo‘layotgan bir guruh faol xotin-qizlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnomaligida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, manfaatlarini himoya qilish, orzu-istaklarini, shuningdek, jamiyatimizning teng huquqli, faol a’zosi sifatida o‘zini namoyon etishlari uchun turmush farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar e’tirof etildi.

Bu yilgi bayramda davlat mukofotlari, orden va medallar bilan taqdirlangan ayollar orasida sirdaryolik bir guruh faol xotin-qizlar ham bor.

Prezidentimiz farmoniga asosan Oqoltin tumanidagi "Oltin meros" folklor ansambli a’zosi, "E’zozli ayollar" sport to‘garagi rahbari Habiba Rizayeva "Do‘stlik" ordeni, Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva 2-darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni, Boyovut tumanidagi "Bolg‘ali Qilich aka" fermer xo‘jaligi rahbari Gulchehra Qarshiboyeva "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan bo‘lsa, Prezident qaroriga muvofiq O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi Zanjiloy Abdusalamova, Guliston davlat universitetining ta’lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranti Maftuna G‘aniyeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 13 nafar xotin-qiz esa “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.

Mazkur tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan opa-singil va dilbar qizlarimizni yuksak mukofot bilan, ular qatori sirdaryolik faol ayol-qizlarni Xotin-qizlar bayrami bilan samimiy tabrikladi. Shu bilan birga, bir guruh faol xotin-qizlarni viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.


El ardog‘idagi taniqli san’atkorlarning chiqishlari, kuy-qo‘shiqlar, mumtoz raqslar bayram tadbiriga yanada shukuh va fayz bag‘ishladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/GHtUOaiVDk0?si=k4eIgulWGkH38H6R" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ulom Primov,Shahriyor Ortiqboyev (surat)
O‘zA muxbirlari