Sirdaryoda Navro‘zi olam nafasi kezmoqda
Navro‘zi olam millatimiz qadriyatlarini o‘zida mujassam etganligi bois har bir oila, har bir mahallaga shodu xurramlik olib kiradigan milliy bayram hisoblanadi. Bu kunlarda xalqimiz tomonidan yurtimizning har bir go‘shasida bahoriy taomlaru, turli milliy o‘yinlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Ayni kunlarda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi “Nurli yo‘l”, Mirzaobod tumanidagi “Nurafshon, Xovos tumanidagi “Sharqobod” hamda Boyovut tumanidagi “Sohil" va "Uchturgon”, Guliston tumanidagi Furqat, Sardoba tumanidagi “Qo‘yitosh", “Navro‘z”, “Bo‘ston”, Oqoltin tumanidagi “Ko‘rkam diyor” mahallalarida bayram sayllari, milliy o‘yinlar va sport musobaqalari o‘tkazildi.
[gallery-11036]
Doshqozonlarda ming dardga davo milliy taomlarimizdan bo‘lmish sumalak, halim, ko‘k somsa va bir qancha bahoriy taomlar tayyorlanib bayram dasturxonining ko‘rkiga aylandi. Bir tomonda milliy o‘yinlar dorboz, belbog‘li kurash va polvonlar chiqishlari bo‘lsa, bir tomonda xalq qo‘shiqlari asosida laparu-o‘lanlar yangradi. Avlod-ajdodlarimizdan xalqimizga meros qolgan udum va an’analar, qadriyatlarimiz bugun mamlakatimizning barcha mahallalarida davom etayotganligi tinchligimiz, mustaqilligimiz ne’matidir. Zero, tinch yurtga mana shunday bayramlar, to‘ylar yarashadi.
Sh. Suyarov,
Sh. Ortiqboyev, (surat), O‘zA