Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi sport maktabida Prezidentimizning tashabbusi bilan mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamda tashkil etilayotgan "Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari" musobaqalarining taekvondo (WT) yo‘nalishi bo‘yicha mintaqaviy bosqich bahslari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqaning mintaqaviy bosqichida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridan tashrif buyurgan 200 nafarga yaqin yosh taekvondochilar 10 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Ular sport maktablari va klublari sharafini himoya qilishdi.
[gallery-23620]
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar medal, diplom hamda maxsus sport formalari bilan taqdirlandi. Ular "Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari" musobaqalarining viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.
***
Xovos tumanida g‘alla o‘rim-yig‘imiga tayyorgarlik mavzusida seminar o‘tkazildi.
Seminarda joriy yilda 8 ming gektar maydonda yetishtirilgan donni o‘z vaqtida va sifatli terib olish, hududiy “g‘alla shtablari”, tuman ishchi guruhlari va maxsus otryadlarni tashkil etish, kombaynlar uchun ehtiyot qismlar, yonilg‘i zaxirasi yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.
Hosilni tez va samarali yig‘ib olish maqsadida tumanda 15 ta maxsus g‘alla o‘rish otryadi shakllantirildi. Mavsum davomida 27 ta g‘alla o‘rish kombayni, 92 ta don tashish va 16 ta haydov texnikasi, 2 ta ko‘chma ustaxona hamda 4 ta yonilg‘i tashuvchi vosita jalb etiladi.
Joriy yilda tumanda 22 500 tonnadan ziyod don xirmonini bunyod etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kombayn operatorlari va ishchi mutaxassislar uchun qulay ish sharoiti yaratish, ilg‘orlarga moddiy-ma’naviy rag‘bat berish choralari ham belgilandi.
Seminarda so‘zga chiqqan fermerlar bu yilgi o‘rim-yig‘imni o‘tgan yillarga nisbatan ertaroq yakunlash uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etishdi.
***
Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasida Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov raisligida sog‘liqni saqlash sohasida joriy etilgan “90 kunlik chora-tadbirlar” ijrosiga bag‘ishlangan videokonferensiya shaklida kengaytirilgan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Asosiy e’tibor raqamlashtirish jarayoni va uning amalga oshirilishidagi muammolarga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, xavfli holatlarni oldindan aniqlash, perinatal xizmatlarni takomillashtirish, yuqori texnologiyali tibbiy yordam hamda malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga, shuningdek tibbiyot muassasalari sanitariyasi, tozalik va obodonlashtirish masalalariga qaratildi.
– Viloyat rahbari qayd etganidek, onalar va bolalar salomatligi faqat tibbiy masala emas, balki jamiyat taraqqiyotining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu bois onalik va bolalikni muhofaza qilishdagi muammolarga alohida e’tibor qaratildi, – deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalar va bolalar salomatligi bo‘yicha o‘rinbosari Gulnora Quvvatova. — Ayniqsa, ular bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlar muhokama markazida bo‘ldi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalarning amaliy yechimi qoniqarli emasligi va sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlandi, chunki sog‘liqni saqlash tizimida inson hayoti asosiy mezondir va raqamlar unga xizmat qilishi kerak.
***
Mirzaobod tumanida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yer ajratish va ish bilan ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev boshqarib bordi. Unda mahalliy hokimiyat vakillari, tegishli tashkilot rahbarlari, yoshlar yetakchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Muloqot jarayonida yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va qishloq xo‘jaligiga oid amaliy bilim va ko‘nikmalarni oshirish borasida amalga oshirilayotgan choralar tahlil qilindi. Ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashdagi dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish mexanizmlari muhokamalar markazida bo‘ldi.
***
Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Salimjonov hamda mas’ul xodimlar tomonidan Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo-Mega-Luks” korxonasida tadbirkorlik sub’ektlari muammolarini o‘rganish va ularni hal etishga qaratilgan navbatdagi sayyor uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish va sifatli bojxona xizmatlarini ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo-Mega-Luks” qop va plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonalardan biri bo‘lib, unda hozir 2150 dan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. Joriy yil davomida korxona 13,2 mln. AQSH dollari qiymatida xomashyo import qildi, ishlab chiqarilgan tovarlar asosan ichki bozorga yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, 3,3 ming tonna vaznda, qiymati 7 mln. AQSH dollariga teng mahsulot xorijga eksport qilingan.
Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan bojxona to‘lovlarini amalga oshirishda uchrayotgan muammolar muhokama qilindi. Bojxona xodimlari ushbu masalalarni joyida ijobiy hal etib, tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatdi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri