Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Prezident tashabbusi bilan 2020 yilning 22 aprelida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi aholining chinakam ko‘makchisiga aylandi.
Fondning Sirdaryo viloyati boshqaruvi va Guliston tumani bo‘limi xodimlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Temir daftar” ro‘yxatida turgan 21 nafar fuqaroga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 279 million 368 million so‘mlik ko‘mak ko‘rsatildi. Fondning 18 million 466 ming so‘mlik beg‘araz yordami bilan tumandagi “Mevazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan Nodirbek Otajonov yurak qon-tomir bilan bog‘liq muammodan, “Oqoltin” mahallasida istiqomat qilayotgan Valijon Muqimov esa 31 million 490 ming so‘m miqdoridagi yordam hisobiga tayanch harakat tizimidagi muammodan qutildi. “Do‘stlik” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Komil Hasanov, “Ibrat” mahallasida istiqomat qilayotgan Sanjar Mamasoliyev, Nargiza Boymatova fondning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining 279 million 368 ming so‘mlik mablag‘lari hisobidan o‘z salomatligini tiklab oldi.

– Bu kabi xayrli va savobli ishlar yil so‘ngiga qadar davom etadi, – deydi fondning Guliston tumani bo‘limi bosh mutaxassisi Matlubaxon Abdullayeva. – Aslida fond huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan maqsad, muddao ham shu.
*****
Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli olib borilgani, hosilni qisqa muddatda o‘rib-yig‘ib olish maqsadida yuqori unumli o‘rim kombaynlarini safarbar qilinib, ularga zarur sharoitlar yaratilgani, eng asosiysi jarayonning o‘zaro hamjihatlik va yuqori sur’atda tashkil qilingani Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod va Sirdaryo tumanida salmoqli natija ko‘rsatilishiga zamin yaratdi.

O‘rimning dastlabki kunlaridan davlatga Oqoltin tumani g‘allakorlari 42 700 tonna, sardobaliklar 35 550 tonna, sayxunobodliklar 23 350 tonna va Sirdaryo tumani mirishkorlari 19 068 tonna sara don sotib, belgilangan rejani bajardi. Ekin maydonlarining qariyb yarmida o‘rim-yig‘im davom etmoqda. Fermer xo‘jaliklari ixtiyorida, omborida qolayotgan sara don salmog‘i ham davlatga sotilganidan kam emas. Demak, mehnat jamoalari moddiy manfaatdorligi yanada barakali bo‘lishi tayin.
*****
Guliston shahar “Alpomish” sport majmuasida Yoshlar oyligi doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida mahalla yoshlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi va “Prokuror kubogi” turniri g‘oliblari aniqlandi.

Sirdaryo viloyatining barcha tuman-shahar mahallalaridan kelgan ikki yuzga yaqin jamoalar g‘oliblik uchun bahslashdi. Tadbirda viloyat hokimi A.Mahmudaliyev, viloyat prokurori S. Imatov va “Zakovat intellektual klubi” NNT prezidenti Abdurasul Abdullayev ishtirok etdi.

Turnirda 1-o‘rinni Guliston tumani “Oltin vodiy” jamoasi, 2-o‘rinni Guliston shahar “Shodlik” jamoasi va 3-o‘rinni Guliston shahar “Navbahor” jamoalari egalladi. G‘oliblar kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Suyarov,
O‘zA