Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xovos tumanida 200 dan ortiq xotin-qizlarning tashabbuslari moliyalashtiriladi. Davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarning muammolarini hal qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etib, tashabbuslarini moliyalashtirish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Xovos tumanida "Ayollar daftari" ga kiritilgan xotin-qizlar qandolatchilik, tikuvchilik, parrandachilik, chorvachilik hamda xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda tadbirkorlikni boshlash uchun dastlabki bilimlarni olishdi.

Tumanning 4 ta hududida viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan tashkil etilgan seminar va tadbirkorlik soatlarida ishtirokchilarning biznes, uni muvaffaqiyatli tashkil etish va yuritish bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalari oshirildi. Galdagi vazifa ushbu ayollarning tashabbuslarini moliyalashtirishdan iborat. Buning uchun 225 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, mavjudlarini rivojlantirish uchun 3,8 milliard so‘m kredit ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Yangiyer shahrida "Yangiyer yoshlari bir nuqtada birlashamiz" shiori ostida sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, aholining turmush darajasini yanada oshirishga qaratilayotgan chora-tadbirlar, ayniqsa yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.

– Bu tadbir shahrimiz yoshlarini o‘rtasida hamjihatlikni uyg‘otish, mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish va ularning qiziqishlarini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – dedi shahar hokimi.
Arqon tortish, yugurish, uzunlikka sakrash, tosh ko‘tarish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa g‘oliblari shahar hokimligining "Faxriy yorliq", medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sh.Suyarov,
O‘zA