Sirdaryo IT sohasida yangi hamkorliklarga yo‘l ochmoqda
«ICTWEEK Uzbekistan 2026» doirasida Sirdaryo viloyati hokimligi, IT Park O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi filiali hamda Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Sirdaryo viloyati hokimining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Oybek Anvarov, IT Park Sirdaryo viloyati filiali boshlig‘i Xurshid Suvonov hamda Malayziya elchixonasi vakillari ishtirok etishdi.
Muloqotda Sirdaryoning raqamli iqtisodiyot va IT sohasidagi salohiyati, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini jalb etish hamda raqamli xizmatlar eksportini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, bugun raqamli texnologiyalar nafaqat IT sohasi, balki iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samaradorlikni oshirish, yangi xizmat turlarini yaratish va zamonaviy ish o‘rinlarini tashkil etishda muhim omilga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Sirdaryoda texnologik loyihalarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tomonlar Malayziyaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarini Sirdaryodagi loyihalarga jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, IT-eksportni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, sun’iy intellekt yechimlarini iqtisodiyot va boshqaruv tizimiga joriy etish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Yosh mutaxassislar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash ham muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Xususan, zamonaviy kasblarga o‘qitish, mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, startap loyihalarini akseleratsiya dasturlariga jalb qilish va qo‘shma ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Arhan Shah Anuar Sirdaryoda raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud salohiyatga qiziqish bildirdi. U viloyatga rasmiy tashrif bilan kelish istagini bildirib, hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini bevosita o‘rganish muhimligini ta’kidladi.
Sirdaryoda IT sohasida infratuzilmani rivojlantirish, mahalliy kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, malakali kadrlar tayyorlash hamda IT-xizmatlar eksportini oshirish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. IT Park O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi IT ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi tashrifida ham infratuzilma, kadrlar, startaplar va eksport salohiyatini kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Malayziya bilan raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi hamkorlik esa ushbu jarayonning xalqaro sherikliklar bilan boyishida muhim ahamiyat kasb etadi. Avvalroq O‘zbekiston va Malayziya tomonlari raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar, IT-kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik va Sirdaryoda savdo-investitsiya aloqalarini rivojlantirish masalalarini ham muhokama qilishgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar sohasidagi muloqotni davom ettirish, istiqbolli loyihalarni birgalikda o‘rganish va amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishga kelishib olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri